Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida universitet hamda kollejga noqonuniy tarzda o‘qishga kiritishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Qashqadaryodagi holatda O.T. ismli shaxs fuqarolar F. va M.ni tanishlari yordamida Qarshi davlat universitetining Tarix va Boshlang‘ich ta’lim fakultetlariga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilganligi aytilmoqda. Gumonlanuvchi buning evaziga jami 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryodagi holatda esa Sariosiyo tuman Pedagogika kolleji direktori o‘rinbosari Sh.Q. fuqaro N.ni ushbu kollejga o‘qishga kirtishga va’da berganligi aytilmoqda. U buning evaziga 5 mln so‘m talab qilib, shundan 100 dollarini olganida qo‘lga tushdi, deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.