Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Andijon viloyati Andijon shahar hokimi etib Abdurahmonov Gofurjon Gulamjanovich tayinlandi. Bu haqda viloyat ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Abdurahmonov Gofurjon Gulamjanovich 1976 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot instituti tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1994 yili Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi ekspeditori, 2-toifali hisobchisi, 1-toifali hisobchisi, yetakchi eksperti vazifasidan boshlagan.

1997−2022 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limi 1-toifali mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limi Poytug‘ filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari, Paxtaobod tuman filiali boshqaruvchisi, viloyat bo‘limi boshqaruvchisining o‘rinbosari, so‘ng viloyat bo‘limi boshqaruvchisi, Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i, ATB «Qishloq qurilish bank» Boshqaruv raisining o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar Abdurahmonov Gofurjon Gulamjanovich, ATB «Qishloq qurilish bank» Boshqaruv raisining maslahatchisi vazifasida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon shahrining avvalgi hokimi Bahrom Haydarov unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida hibsga olingani to‘g‘risida xabar qilingan edi. U 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.