Dushanba kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv hududidagi uylardan birida Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi yer osti tunneli topildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, Kaktus Media xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 13 metr chuqurlikda joylashgan tunneldan 2 metrga 1,7 metr o‘lchamdagi yo‘lak orqali o‘tiladi. Kirish joyidan chiqish yo‘ligacha bo‘lgan umumiy masofa 177 metrni tashkil qiladi.

«Yer osti tunneli joylashgan uy egasi Qirg‘iziston fuqarosi M.I.M. o‘tgan yilning sentabr oyida Rustam ismli shaxs bilan birga ikki davlat o‘rtasida tunnel qazish bo‘yicha kelishib olgan. Ular tunnel orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga valyuta va tovarlar olib o‘tishni rejalashtirishgan», — deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, gumondor o‘z aybini inkor etmagan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi bir oy ichida ilk marta 24 may kuni Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi 270 metrlik yer osti tunneli topilgandi. Uning yordamida ikki mamlakatga bemalol o‘tish mumkinligi, tunnelni qaziganlikda gumon qilinayotgan shaxs esa ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi aytilgan.

Shuningdek, 7 iyun kuni ham Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegarada 155 metrlik yer osti tunneli aniqlangani xabar qilingan.