O‘zbekiston iqtisodiy sohada bozor mexanizmlari joriy etilganiga qaramasdan, ijtimoiy davlat bo‘lib qolaveradi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva parlament yuqori palatasining 13 iyundagi yalpi majlisida ma’lum qildi.

Bozor mexanizmlarining joriy etilishi barcha sohalarda tobora ko‘paymoqda. «Bu juda muhim. Biz iqtisodiy taraqqiyotga erishmoqchi ekanmiz, erkin bozor sharoitlariga albatta o‘tishimiz kerak. Bu bozor iqtisodiyoti qonunlaridan biri. Ammo, bu ijtimoiy siyosat keyingi o‘ringa qo‘yiladi degani emas», — dedi Senat rahbari.

«Yangi O‘zbekiston — o‘zining eng ustuvor vazifasi ijtimoiy davlat ekaligini namoyish qildi va bundan keyin ham shunday bo‘laveradi. Davlat rahbarining sa’y-harakatlari tufayli aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. Buni faqat odamlarga to‘g‘ri tushuntirish, ochiq va oshkora ishlash, muloqotdan qochmaslik kerak… Aynan yangi saylangan mahalla raislari o‘z ishlarida ana shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir», — dedi u.

Tanzila Narbayevaning aytishicha, vazirliklar, idoralar, parlament va mahalliy kengash deputatlari mahalla raislarini qo‘llab-quvvatlashi, aholiga islohotlarning mohiyati va zarurligini tushuntirish uchun hududlarga borishi lozim.

«Ko‘rib turganingizdek, narxlar yoki boshqa qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq vaziyat o‘zga mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealar bilan ham bog‘liq. Bu O‘zbekiston ichkarisidagi muammo emas, tashqi dunyoning ta’siri. Shuning uchun aholi bilan muloqot olib borib, bu jarayonlarni to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak», — dedi u.

O‘zbekistonda so‘nggi oylarda shakarning narxi oshdi. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi bu asosan tashqi omillar ta’siri ostida sodir bo‘lishini ta’kidladi. Ishlab chiqarish va importning ko‘payishi hisobiga shakar tanqisligi kuzatilmasligini aytdi, ammo internetda ushbu mahsulotga ortgan talab hamda arzonroq shakar uchun uzun navbatlarni ko‘rish mumkin.

1 iyunda davlat un va don sotishning eski tartibidan voz kechdi va bu jarayonlarga bozor tamoyillarini joriy qila boshladi. Birinchi bosqichda rasmiylar donni minimal narxida sotib olishdi va iyul-avgust oylarida esa allqachon birja kotirovkalariga o‘tildi. Toshkentda shaklli non (buxonka) ning narxi oy boshidan buyon 1600 so‘mdan 2800 so‘mgacha oshdi. Moliya vazirligining qayd etishicha, nonning o‘rtacha bozor qiymati 2550 so‘mni tashkil etadi.

1 iyuldan boshlab elektr va gaz narxlarini oshirish, shuningdek energiya iste’moli uchun ijtimoiy normalarni joriy etish taklif etildi. Hujjatni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon sifatida qabul qilindi, deb ta’kidladi iqtisodiy rivojlanish vazirligi.