Oliy Majlis Senatining 27-yalpi majlisida davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ma’qullandi.

Unga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 215−7-moddasiga kiritilgan ma’lumotlarni e’lon qilmaganlik yoki to‘liq e’lon qilmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3−5 baravarigacha (900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.

Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladigan ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar ro‘yxati, e’lon qilish shartlari va tartibiga rioya qilmaslik yoki ma’lumotlarni buzish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bu BHMning 5−10 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha) jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bunday huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborishi mumkin.

Senat raisi Tanzila Narbayeva buni davlat idoralarining jamiyat uchun ochiqligi va shaffofligi yo‘lidagi «yana bir muhim qadam» deb atadi.

Iyun oyidan boshlab davlat organlari o‘z faoliyati, jumladan, xaridlar, xizmat safarlari, xizmat avtomashinalari va uy-joylar bo‘yicha 33 turdagi ochiq ma’lumotlar to‘plamini e’lon qilib borishi shart.

2021 yil oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov aksariyat vazirlik va idoralar ochiq ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzayotgani va ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlarni e’lon qilmayotganini aytdi. Shundan so‘ng agentlik ma’lumotlarni oshkor etmaganliklari uchun davlat xizmatchilarini jarimaga tortishni taklif qildi.

Mart oyida esa u 135 ta davlat organi va tashkilotidan 80 tasi (60 foizi) davlat xaridlarini amalga oshirishda ushbu ma’lumotni tegishli manbalarga joylashtirmagani haqida xabar berdi. 88 ta davlat organi va tashkiloti safar xarajatlari va xorijiy mehmonlarni kutib olish xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni o‘z vaqtida e’lon qilmagani ma’lum bo‘lgandi.

Davlat xaridlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va ularning ijrosi, sayohat xarajatlari, avtomashinalar va ma’muriy binolar haqidagi ma’lumotlar va hokazolar to‘liq ko‘rsatilmagan, 204 ta tuman va shahar hokimliklaridan 43 tasida veb-saytlar umuman ishlamaydi.

Bundan tashqari, Senat advokatlar huquqlarini kengaytiruvchi tuzatishlarni ma’qulladi. Endilikda ishonch bildiruvchi shaxsning roziligi bilan iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda sudga qadar tayyorgarlik chog‘ida hamda sud jarayonida davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish mumkin.

Qolaversa, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ekspert sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti ham ishtirok etishi mumkin.

Korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar mavjud bo‘lgan taqdirda, debitorlik va kreditorlik qarzlarini to‘lash shartlariga rioya qilmaslik hamda to‘lovlarni amalga oshirish muddatlarini buzish, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga mulkiy zarar yetkazish kabi huquqbuzarliklar uchun qonun hujjatlarida ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga nodavlat sud ekspertlarining surishtiruv, dastlabki tergov va sud ishlarini yuritishda ishtiroki va vakolatlarini nazarda tutuvchi yangi normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o‘tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag‘lar bo‘lgan holda to‘lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganlik, shu bilan birga, shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga mulkiy zarar yetkazish kabi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Qonun hujjatlariga nodavlat sud-ekspertlarining surishtiruv, dastlabki tergov va sud ish yurituvidagi ishtiroki hamda ular vakolatini nazarda tutuvchi yangi normalar kiritilmoqda.

Qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.