Samarqand viloyati Urgut tumanida o‘g‘il o‘zining otasi va akasini bolta bilan urib, o‘ldirib qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

7 iyun kuni soat 19:30 larda Urgut tumani «Navbog‘» ko‘chasida yashovchi fuqaro J.M. otasi B.M. va ukasi Sh. M.lar uyida yo‘qligi, qo‘l telefon raqamlari ishlamayotganini aytib, ularni topish yordam so‘rab, tuman IIBga murojaat qilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida esa J.M. tuman IIBga ularni o‘ldirib qo‘yganligini aytgan va aybini o‘z bo‘yniga olgan.

Ta’kidlanishicha, voqea 15 may kuni soat taxminan 07:00 da sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi o‘sha kuni otasi B.M. va akasi Sh. M.lar bilan janjallashib qolganini qayd etgan.

U uy-xo‘jaligida foydalaniladigan bolta va oshxona pichog‘i bilan dastlab akasini, so‘ngra otasini tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urganini so‘zlab bergan. «Ularni qasddan o‘ldirib, yashash uyining tomorqasiga ko‘mib yuborgan», deyiladi xabarda.

Uning tushuntirishiga asosan uyning tomorqa qismi ko‘zdan kechirilganda B.M. va Sh. M.ning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan, deyiladi prokuratura xabarida.

Holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tuman prokuraturasi tomonidan gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan.

Fuqaro ustidan jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jomboy tumanida ham shu oyda 5 nafar fuqaro Germaniya fuqarosiga og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblanib, 13 yildan 19 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan edi.