Prezidentning «O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tayyorlangan.

To‘siqsiz turizmni rivojlantirish, rag‘batlantirish va qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, quyidagilar asosiy yo‘nalishlar etib belgilanadi:

  • turizm namoyishi obyektlari infratuzilmasi, birinchi navbatda madaniy meros va ziyorat obyektlari, muzeylar, teatrlar va joylashtirish vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish;
  • turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari hamda transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga sayohat davomida hamrohlik qiluvchi fuqarolarni rag‘batlantirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz turizmni amalga oshirishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni tizimli hamda faol targ‘ibot kampaniyalarini tashkil etish orqali ular xabardorligini oshirish;

  • zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm namoyishi obyektlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;

  • NNTlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, fuqarolar va homiylar xayriyalari hamda xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘larini jalb qilish tizimini takomillashtirish orqali to‘siqsiz turizmni amalga oshirish.

2023 yildan boshlab respublika hududlarida quyidagi bosqichlarda «To‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturi» amalga oshiriladi:

  • 2023 yilda — Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari;
  • 2024 yilda — Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari;
  • 2025 yilda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari;
  • 2026 yilda — Toshkent shahri va Toshkent viloyati;
  • «To‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish dasturi»ni moliyalashtirish Respublikaning davlat budjeti, homiylik mablag‘lari va grantlar orqali amalga oshiriladi;
  • Yuqoridagi maqsadlar besh yilga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va uni amalga oshirishga oid davlat dasturiga kiritiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun O‘zbekiston davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larning 2 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlariga har qanday shikast yetkazishning oldini olgan holda pandus, plintus va liftlar o‘rnatishga yo‘naltiriladi;
  • Davlat budjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘larning 5 foizi OAV vakillari va jurnalistlar uchun infoturlar tashkil qilish, xalqaro va xorijiy turizm ko‘rgazma, yarmarkalarda respublikada to‘siqsiz turizm yo‘nalishida mamlakatimizning salohiyatini namoyish qiluvchi targ‘ibot va tarqatma materiallar tayyorlash, «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida «O‘zbekistonda to‘siqsiz turizm» ekspozitsiyasini tashkil etish va o‘tkazish uchun yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat va davlat ulushi mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida «Turizm», «Gid hamrohligi» hamda «Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarining 1 foizi miqdorida davlat grantlariga kvotalar ajratish tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, loyihaga muvofiq, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga sayohat davomida hamrohlik qiluvchi fuqarolarga quyidagi miqdorlarda chegirmalarni berish joriy qilinadi:

  • transport vositalari chiptalarini xarid qilish va foydalanishda avia transport vositalari uchun 50 foiz;
  • temir yo‘l transporti uchun 40 foiz;
  • avtobuslar uchun 30 foiz;
  • madaniy meros obyektlari, muzeylar va teatrlarga kirish chiptalarini xarid qilishda 50 foiz.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» va «Uzbekistan airports» 2023 yil 1 yanvargacha quyidagilarni ta’minlaydi:

  • «O‘zavtotrans» kompaniyasi tasarrufidagi avtobuslarning kamida 2ta o‘rindig‘ini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirish va ko‘targichlar o‘rnatish;
  • aeroport, temir yo‘l va avtobus vokzallarini panduslar (10 daraja qiyalikdan baland bo‘lmagan) va elektr ko‘targichlar bilan jihozlash;
  • vokzallar hududida aravacha orqali harakatlanuvchi elektr ko‘targichlarni o‘rnatish;
  • vokzallar hududidagi va binoning barcha qismlarida eshitiluvchi ovozli ma’lumotlar berib borish;
  • vokzallari hududidagi va binoning barcha qismlarida o‘rnatilgan navigatsiya ko‘rsatkichlar va ulardagi yozuvlarni ikki baravar hajmda kattalashtirgan holda qayta o‘rnatilishini;
  • poyezdlar vagonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus aravacha bilan o‘tirishga moslashtirilgan kamida 5 tadan maxsus joylar tashkil etish.

Har yili Oliy Majlisi palatalari, Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zlarining budjetdan tashqari jamg‘armalaridan teng ulushlarda Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga 500 mln so‘mdan ajratadi.

Mablag‘lar «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar, birinchi navbatda yoshlar va xotin-qizlarni turizm sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ular sayohatlarini tashkil qilishga grant sifatida yo‘naltiriladi.

Grantlar:

  • nogironligi bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarni oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar, shuningdek, turoperator faoliyatini tashkil qilish uchun kasbga o‘qitish va malakasini oshirish;
  • nogironligi bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqsiz, yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni turizm sohasida kasbga tayyorlash va malakasini oshirib borish uchun ularga muqobil shakldagi o‘quv materiallarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • fuqarolik jamiyati tashkilotlariga tog‘li va olis hududlardagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni respublika bo‘ylab sayyohatlarni tashkil qilish uchun ajratiladi.

2023 yil 1 martdan 2026 yil 1 martga qadar to‘siqsiz turizm yo‘nalishida qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi:

Mehmonxonalarga xonalarning kamida uchta xonasi o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan, shuningdek, eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga muvofiq displeylar va ovozli qurilmalar bilan jihozlash va saqlash bo‘yicha harajatlari undirilgan turistik yig‘im summasidan quyidagi miqdorlarda qaytarib beriladi:

  • 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun — 3 million so‘m;
  • 4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun — 2 million so‘m;
  • 3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun — 1,5 million so‘m;
  • toifasiz mehmonxonalarning har bir xonasi uchun — 1 million so‘m;

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan:

  • plyaj, basseyn xizmatlari ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan kamida 3 yil davomida foydalanish sharti bilan o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar qulay tarzda jihozlash xarajatlarining bir qismi, lekin — 10 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, restoran va kafelarni ovozli menyu xarid qilish va ta’minlash bo‘yicha xarajatlari, har bir ovozli menyu uchun — 1 million so‘m miqdorida;

Transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan transportlarni o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar qulay tarzda jihozlash xarajatlari quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:

  • M1 toifadagi transport vositalarini ko‘targich bilan ta’minlash uchun — 10 million so‘m, liftlar bilan ta’minlash — 15 million so‘m;
  • M2 va M3 toifadagi transport vositalarini ko‘targich bilan ta’minlash uchun — 15 million so‘m, liftlar bilan ta’minlash — 20 million so‘m;
  • M1, M2 va M3 toifadagi transport vositalarining o‘rindiqlarini moslashtirishda, har bir o‘rindiq uchun — 3 million so‘m;

Loyihada belgilanganidek, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «Uzbekistan airports» AJ bilan birgalikda 2022 yil 1 sentabrga qadar «Ijtimoiy xizmat» elektron platformasini transport chiptalarini xarid qilish bo‘yicha onlayn platformalar bilan integratsiya qilinishini ta’minlanadi.

Eslatma: mazkur prezident qarori hali loyiha bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Takliflar esa 26 iyunga qadar qabul qilinadi.