O‘zbekistonda Konstitutsiyani isloh qilish yuzasidan kelib tushayotgan takliflarning 70 foizdan ko‘prog‘i yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev 11 iyundagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Komissiyaga 11 iyunga qadar jami 20 148 ta taklif kelib tushgan. Ularning aksariyati «meningkonstitutsiyam.uz» platformasi orqali qabul qilingan. Takliflarning 11 306 tasi erkaklar, 6 422 tasi esa ayollar tomonidan yuborilgan. 2 420 tasi esa anonim jo‘natilgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p taklif Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax viloyatlaridan kelib tushmoqda.

Ta’kidlanishicha, konstitutsiyaviy komissiyaga jamoaviy takliflar yuborishda inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, «Yuksalish» umummilliy harakati, Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti, fanlar akademiyasi tarkibidagi tadqiqot institutlari, Bosh prokuraturasi akademiyasi, sudyalar oliy maktabi kabi institutlar yetakchi o‘rinlarda turibdi.

Qayd etilishicha, kelib tushayotgan takliflarning salmoqli qismi inson sha’nini hamma narsadan ustun qo‘yish, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilashga doir masalalardan iborat.

Qayd etish lozim, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha komissiya 20 may kuni ish boshlagan, uning tarkibi va vazifalari belgilangan edi.