Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani «Langar» MFY, «Langar» qishlog‘ida yashovchi fuqaroning 6 yoshli bolasi 12 iyun kuni tushgi payt 200 dimetrli suvsiz artizan quduqqa tushib ketgan. Fuqaro viloyat FVBga murojaat qilib, yordam so‘ragan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bola kecha taxminan soat 13:30 larda dala maydonida qazilgan quduqqa tushib ketgan.

Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruvchilari va tegishli xizmatlar kuch-vositalari yetib borgan. Qutqarish ishlariga FVBning maxsus texnikalari, ekskavator, greyder va boshqa texnikalar jalb etilgan, deyiladi xabarda.

Vazirlik e’lon qilgan videodan ko‘rish mumkinki, quduqqa yon tomonidan qazuv ishlari olib borilgan.

Olib borilgan maxsus qutqarish operatsiyasi natijasida bola bugun, soat 10:25 da qutqarib olingan. Ma’lum bo‘lishicha, chuqurlik 25 metrni tashkil etadi. Ayni vaqtda bolaning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda.

«Bola malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan», deyiladi FVV xabarida.

FVV matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, maxsus qutqaruv operatsiyasida «Qalqama» mahallasida yashovchi 109-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev ham qatnashgan.

«Kichik qahramon qutqaruvchi akalari va maxsus asbob-anjomlar yordamida quduqning tor tuynugidan mardonavor o‘tib, bolakayni olib chiqdi», — deyiladi ma’lumotda.


Foto: FVV matbuot xizmati.

Ozodbekga Favqulodda vaziyatlar vazirligi minnatdorlik bildirgan.

Qutqarib qolingan bola esa hozirda shifokorlar nazoratida va o‘z ota-onasining bag‘rida ekanligi ma’lum qilindi.