Futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida Iroq terma jamoasini mag‘lub etdi. 11 iyun kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin 2:2 hisobida yakunlangan bo‘lsa, penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar aniqroq bo‘lishdi — 3:2.

Mezbonlar o‘yinning 13-daqiqasida o‘n kishi bilan qoldi. Darvozabon Abduvohid Ne’matov o‘z jarima maydonchasi ichida Hasan Matrukka tirsagi bilan zarba berib, qizil kartochka olib maydondan chetlatildi. Bosh murabbiy Timur Kapadze yarim himoyachi Diyor Xolmatov o‘rniga darvozabon Vladimir Nazarovni maydonga tushirdi.

Bu qoidabuzarlik penaltiga ham sabab bo‘ldi va uni hujumchi Vaka Ramadan muvaffaqiyatli golga aylantirdi.

Yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov 25-daqiqada hisobni tenglashtirishi mumkin edi, biroq uning standart vaziyatdan yo‘llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.

Birinchi bo‘lim oxirida chap qanot himoyachisi Xojimat Erkinov markazga o‘tib, jarima maydonchasiga kirib borganida unga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. 11 metrlik zarbani Jasur Jaloliddinov muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Ikkinchi bo‘limning 50-daqiqasida mezbonlar oldinga chiqib olishdi. Hujumchi Husain Norchayev o‘ng qanotdan oshirib bergan to‘pni himoyachi Husain Al-Savad o‘z darvozasi tomon yo‘lladi.

Ammo 68-daqiqada iroqliklar Ammar Alodxaymining goli evaziga hisobni tenglashtirishdi.

O‘yin qo‘shimcha bo‘limlarga cho‘zildi, ammo jamoalar boshqa gol ura olmadi.

Penaltilar seriyasida Muhammadqodir Hamraliyevning o‘tkazib yuborgan golidan so‘ng iroqliklar oldinga chiqib olishgan bo‘lsa, keyinroq iroqliklar uch marta gol o‘tkazib yubordi (bir golni Vladimir Nazarov qaytarib qoldi).

Olimpiya terma jamoasi yarim finalda Koreya Respublikasi va Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibi bilan uchrashadi. Finalga chiqish o‘yini 15 iyun kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.

O‘yindan keyingi qisqa muddatli matbuot anjumanida bosh murabbiy Timur Kapadze qizil kartochka kutilmagan holat bo‘lganini ta’kidladi. «Erta 10 kishi bo‘lib qolganimiz katta qiyinchilik tug‘dirdi. Shunday bo‘lsa ham yigitlar ruhan sinib qolishmadi, buning uchun ularga rahmat. Asosiysi, g‘alaba qozondik», — dedi u.

Yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov stadionda til bilan ta’riflashga ojiz atmosferani ko‘rganini ta’kidladi. «Xuddi Yevropa Chempionlar ligasiga o‘ynagandek bo‘ldik. Qizil kartochka katta ta’sir o‘tkazdi. Bu bizni qanday kuchli ekanimizni ko‘rsatishga sabab bo‘ldi. Shunday o‘yinlar orqali biz katta tajriba olamiz. Yana bir bor bizni ajoyib qo‘llab-quvvatlab turgan tomoshabinlarga tashakkur aytamiz», — dedi u.

Video

Foto