Rossiya Jahon turizm tashkiloti (UNWTO, YUNVTO) tarkibidan chiqadi, bu haqdagi buyruq 10 iyun kuni mamlakat hukumati rahbari Mixail Mishustin tomonidan imzolandi.

27 aprel kuni Rossiyaning tashkilotga a’zoligini to‘xtatish masalasi YUNVTOning navbatdan tashqari Bosh assambleyasida RFning Ukrainaga harbiy hujumi munosabati bilan ko‘rib chiqilgan edi. Rossiya ovoz berish yakunlarini kutmasdan, o‘zi YUNVTO tarkibidan chiqmoqchi ekanligini ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kommersant’».

Assambleya RF a’zoligini to‘xtatish uchun ovoz berdi va qaror darhol kuchga kirdi.

«YUNVTO a’zolari aniq ishora berishdi: turizm, bu — tinchlik va xalqaro do‘stlik tayanchi hamda ular ushbu qadriyatlarni qo‘riqlashlari yoki qandaydir istisnolarsiz oqibatlari bilan to‘qnashishlari kerak. Mazkur favqulodda Bosh assambleya Rossiyaning xatti-harakatlari kechirilmas hamda YUNVTO va xalqaro boshqaruv tamoyillariga zid ekanligini ko‘rsatadi», — deya ma’lum qildi tashkilot bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

A’zolikning to‘xtatilishi mamlakat tashkilotdan xizmat va texnik yordam ololmasligi, tadbir va uchrashuvlarda qatnasholmasligi, ustav organlariga nomzodlarini ilgari surolmasligi va ovoz berolmasligini anglatadi. Tashkilotdan ixtiyoriy chiqish faqatgina bir yildan keyin, mamlakat tegishli kanallar orqali bu haqda rasmiy xabar qilgandan so‘ng kuchga kiradi.

YUNVTO tarkibiga 160 a’zo davlat, 6 ta assotsiatsiyalashgan a’zolar va 500 dan ortiq xususiy sektor, ta’lim muassasalari, turistik tashkilotlar va mahalliy sayyohlik organlari vakillari kiradi. BMTning mazkur ixtisoslashgan muassasasi 1975 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, SSSR o‘sha vaqtdan uning a’zosi hisoblanar edi.

Eslatib o‘tamiz, aprelda BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashi a’zoligidan chiqargan edi. Rossiya o‘shanda ham kengash a’zoligini muddatidan avval t o‘xtatayotganini e’lon qilgan edi.