Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 benzinining tannarxi 2800 so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tomonidan BNQIZga uyushtirilgan press-tur doirasida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«5 foiz QQS solig‘i, 275 ming so‘m ishlab chiqarish aksiz solig‘i (1 tonna uchun — tahr.), 512 ming so‘m iste’mol aksiz solig‘i qo‘shiladi. Benzin narxlarining ko‘tarilishida zavodning aloqasi yo‘q. Talabdan kelib chiqib (birjada) kim yuqori narx qo‘ysa, shuncha yuqori bo‘ladi», — deya «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi BNQIZ rahbarining iqtisod bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Jumayev.

Qo‘shimcha qilinishicha, aholiga yetib borguncha benzin tannarxining oshib ketishiga asosan brokerlar, zapravkalar va boshqalar sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, BNQIZda 9 tur 21 nomda, jumladan, yuqori oktanli benzin (Ai-80, Ai-91, Ai-92, Ai-95, Ai-98), dizel yoqilg‘isi (EKO, Yevro-4, 5), aviakerosin (Djet A-1), mazut, suyultirilgan gaz, oltingugurt, pirolizli gazolin, uglevodorod eritgichi kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zavodda qayta ishlash quvvati 2,5 mln tonna bo‘lib, 70 foiz gazkondensat, 30 foiz neft xom ashyolari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda zavodda yiliga 641 ming tonna avtobenzin (Ai-80, Ai-91, Ai-92, Ai-95, Ai-98) ishlab chiqarilib, respublikada benzinga bo‘lgan ehtiyojning 65 foizini qoplamoqda.

Eslatib o‘tamiz, dekabrdan beri ilk bor «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 6800 so‘mgacha (4,3%) ko‘tarilgandi. Kompaniya buni import qilinayotgan 30 foiz neft mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxi oshgani bilan izohladi. Biroq, bunga qadar «O‘zbekneftgaz» vakillari AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini aytgandi.

«O‘zbekneftgaz» birjada savdoga chiqarilayotgan avtobenzin iste’molchiga yetkazib berilgunga qadar «soliq, rentabellik, transport xarajatlari va boshqa xarajatlar» borligini ham inobatga olish lozimligini ta’kidladi.

«Hozirgi kunda jamiyat tomonidan respublika iste’molchilarini neft mahsulotlarga bo‘lgan talablarini qoplash uchun 30 foizdan kam bo‘lmagan miqdorlarda uglevodorod xom ashyolarini import qilinishi zarur bo‘lmoqda», — deyiladi kompaniya xabarida. Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» vakillari «Gazeta.uz»ga AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi.

Yil boshidan Yevropa davlatlarida sodir bo‘layotgan geosiyosiy voqealar fonida jahon neft bozorida 1 barrel Brent neftning o‘rtacha narxi 27,5 foizga — 87,2 dollardan may oyi boshida o‘rtacha 111,1 dollargacha o‘sdi.

Qo‘shni davlatlarda avtobenzin narxlari Turkmanistonda — 0,2%, Qozog‘istonda — 13,9%, Qirg‘izistonda — 17,7%, Rossiyada — 63,2% o‘sdi.