O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 7 iyun kuni 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan yoshlarga oid davlat siyosati dasturini tasdiqladi. Bu hayotda o‘z o‘rnini izlayotgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va kasb-hunar ta’limiga yo‘naltirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi va boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar majmuidir.

30 iyun — O‘zbekistonda Yoshlar kuni arafasida har yili davlat va hududiy yoshlar siyosati dasturlarini qabul qilish prezidentning 2021 yildagi farmonida nazarda tutilgan. Bu dasturlar yoshlarning taklif va tashabbuslaridan kelib chiqib ishlab chiqilishi kerak.

Dastur tadbirlari uchun ajratiladigan mablag‘ning aniq miqdorlari davlat dasturida ko‘rsatilmagan. Tadbirlarni moliyalashtirish ularning ijrochilari — Yoshlar ishlari agentligi, vazirlik va idoralar tomonidan alohida rejalar asosida amalga oshiriladi.

«Yoshlar daftari»dagi yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yo‘nalishiga qo‘yidagilar kiritilgan:

  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolarini hal etish hamda ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish (muhtojlarni qamrab olishning aniq ko‘rsatkichlari keltirilmagan, balki alohida rejaga havola berilgan);
  • «Yoshlar daftari»dan chiqarilgan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga qaratilgan monitoring ishlarini tashkil etish;
  • mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarni turar joy bilan ta’minlash;
  • muammoli va ajralish holatiga kelib qolgan yosh oilalar uchun mahallalarda haftada bir marotaba psixolog qabullarini tashkil etish;
  • yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida taniqli tadbirkorlar ishtirokida «Biznes marafon» va «Agro marafon» motivatsion treninglar tashkil etish hamda yirik tadbirkorlik subyektlariga «Biznes sayohatlar» uyushtirish va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.

«Yoshlarning bo‘sh vaqti — yetakchining ish vaqti» tamoyili asosida yoshlar bilan «mahallabay» ishlash tizimi bo‘yicha:

  • yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida besh tashabbus olimpiadalarining «mahalla-sektor-tuman-viloyat-respublika» bosqichlarini tashkil etish;
  • «Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik» shiori ostida yoshlar festivallarini o‘tkazish;
  • «Yilning eng namunali mahalla yetakchisi», «Axborot texnologiyalari bilimdoni», «Yil talabasi», «Talabalar teatr studiyalari» va boshqa tanlovlarni o‘tkazish;
  • yoshlar orasida xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida «Ibrat media markazi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • 7 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniyat va san’at sohasidagi iqtidorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular o‘rtasida «Kamalak yulduzlari» respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish belgilangan.

Yoshlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida:

  • «Temur tuzuklari bilimdoni» tanlovini tashkil etish;
  • O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tanlovlar o‘tkazish;
  • harbiy qismlarga ekskursiyalarni tashkil qilish;
  • yoshlar hayotida uchrayotgan muammolarni o‘rganishga qaratilgan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib borish;
  • «Vatan taraqqiyotiga mening hissam» yoshlar aksiyasini tashkil etish;
  • «Bir nuroniyga o‘n nafar yosh» tamoyili ostida uyushmagan yoshlarni obro‘-e’tiborli, yuqori hayotiy tajribaga ega nuroniylarga biriktirish va boshqalarni amalga oshirish belgilangan.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish uchun quyidagilar rejalashtirilgan:

  • avgust oyida yosh jurnalistlarning bilim va tajribalarini oshirish maqsadida «Yosh jurnalistlar oromgohi» loyihasini amalga oshirish;
  • iyul-oktabr oylarida turizmni rivojlantirish bo‘yicha videoroliklar tanlovini o‘tkazish
  • «Uzbekistans`s club» ijtimoiy motivatsion media platformasida eksklyuziv kontentlar yaratish;
  • «YouTube O’zbekiston» loyihasini amalga oshirish;
  • yoshlarni dizaynerlik sohasiga qiziqtirish maqsadida Design Club loyihasini amalga oshirish;
  • sentabr-noyabr oylarida — bolalar dunyoqarashini qadriyatlarga mos ravishda shakllanishiga xizmat qiladigan zamonaviy multiplikatsion va animatsion media mahsulotlar tanlovini o‘tkazish;
  • sentabr-noyabr oylarida — bolalar dunyoqarashini milliy qadriyatlarga muvofiq shakllantirish maqsadida multfilmlar va animatsion media tanlovi;
  • iyun-dekabr oylarida — «mahallabay» tamoyili bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hikoya qiluvchi «Strategik kuch» nomli hujjatli film suratga olish;
  • fan, ta’lim, san’at, madaniyat va sport sohasida muvaffaqiyatga erishgan yoshlar tajribasini o‘rnak sifatida ko‘rsatishga qaratilgan «Modul — 5» loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash yo‘nalishida quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • iyun oyida Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Yoshlar Kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish;
  • yozda «O‘zbekiston — Qirg‘iziston yoshlar kongressi»ni tashkil etish;
  • oktabr oyida Samarqand shahrida mnemotexnika bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazish.