10 iyun kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlis onlayn tarzda namoyish etildi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Narimon Umarov aholidan kelib tushayotan takliflarga to‘xtalib o‘tdi.

«Konstitutsiyada davlat va jamiyat munosabatlarida o‘zaro bir birini tiyib turish mexanizmlarini yanada mustahkamlash. Bu orqali nimaga erishamiz? O‘ylaymizki, fuqarolik jamiyatini haqiqatdan shakllantirishda bu muhim omil bo‘lib xizmat qiladi», — dedi senator.

Komissiya raisi Akmal Saidov mazkur taklif bo‘yicha o‘zining fikr-mulohazalarini bildirdi.

«Bizda o‘zaro tiyib turish turli hokimiyatlar — qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyati [o‘rtasida amalga oshiriladi]. Biz oldin inson va davlat o‘zaro majburiyatlarga ega deb aytardik. Bu yerda esa davlat va jamiyatni o‘rtasida o‘zaro tiyib turish masalasi [ko‘tarilayapti]. Mana shu muhokamalarda oldin hech xayolimizga kelmagan takliflar kelayapti», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur taklif prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan taklif: «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat» deb o‘zgartirishni yanada mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, komissiya a’zolari o‘rta ta’limni majburiy etib belgilash, ta’lim va tibbiyo sohalarida xususiy sektorni rivojlantirishga oid normalar kiritishga qaratilgan takliflarni muhokama qildi.