O‘zbekistonda dam olish kunlari harorat pasayishi, ba’zi joylarda momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Bugun, 10 iyunda kun davomida hududning katta qismi quruq va biroz issiq bo‘ladi. Faqat respublikaning shimolida, kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati +34…+39 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +40…+42 darajagacha bo‘ladi.

11 iyun kuni O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan biroz nam va nisbatan salqin havo kirib keladi.

Shanba kuni Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, 11−12 iyunda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Dushanba kuni esa faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

10−12 iyunda respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, chang-to‘zonlari kuzatilishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 10−14 iyunda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.

Kunduzi havo harorati asta-sekin pasayadi va 12 iyunga kelib +31…+33 darajani tashkil etadi.