O‘zbekistonda Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti tashkil etildi. Bu Shavkat Mirziyoyev 9 iyunda imzolagan qarorda ko‘zda tutilgan.

O‘quv jarayoni sentabr oyidan boshlanadi. Institutda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi.

Qayd etilishicha, Namangan davlat chet tillari institutiga Namangan muhandislik-qurilish institutining bino va inshootlari, shuningdek, 1937 yilda qatag‘on qilingan jadid tilshunosi Ishoqxon Ibratning Namangan davlat universiteti tizimidagi «Ishoqxon Ibrat — Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi topshirildi.

2023 yil yanvarga qadar Institutga 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan yer uchastkasi ajratiladi. 2025 yil yanvarga qadar institutning 400 o‘rinli talabalar turar joyini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quriladi.

Institutga boshqa hududlardan jalb etilgan professor-o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Mutaxassislik fanlari bo‘yicha chet tilida dars beradigan hamda milliy yoki tegishli xalqaro miqyosda e’tirof etilgan kamida C1 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan institut professor-o‘qituvchilariga oylik ish haqining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Qarorda belgilanishicha, institut Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat ijod maktabining ta’lim hamkoriga aylanadi. Shuningdek, ijod maktabi o‘quvchilari uchun «Tarjimonlar klubi» tashkil etadi.

Namangan davlat institutida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini baholash uchun xorijiy tillar bo‘yicha bakalavriatga kirish imtihonlarida kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Andijon davlat chet tillar instituti tashkil etilgadi, muassasada o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanishi belgilangan.