2022 yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari kirib kelishi hajmi keskin oshdi,. Bu Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.

Yanvar-may oylarida O‘zbekistonga 4,19 mlrd dollar miqdorida xalqaro transchegaraviy o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning (2,61 mlrd dollar) shu davriga nisbatan 1,58 mlrd dollarga yoki 61 foizga ko‘proq. O‘z navbatida, Markaziy bank tomonidan O‘zbekistondan chetga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi haqida ma’lumot berilmagan.

Shunga qaramasdan, birgina may oyida jismoniy shaxslar O‘zbekistonga rekord darajada 1,65 mlrd dollar jo‘natgan (avvalgi rekord aprelda qayd etilgandi — 1,07 mlrd dollar), 2021 yilning may oyida bu ko‘rsatkich deyarli 2,7 baravar kam edi — 620 mln dollar atrofida.

Valyuta ayirboshlash amaliyotlarining ko‘rsatkichlari ham keskin oshdi. Yanvar-may oylarida tijorat banklari jismoniy shaxslardan 4,32 mlrd dollar hajmida xorijiy valyuta sotib oldi. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 59%ga ko‘proqni tashkil etdi. Ushbu davrda aholining banklardan xorijiy valyuta xaridi sezilarli darajada oshdi.

Shu bilan birga, yanvar-may oylarida O‘zbekiton aholisi 2,84 mlrd dollar miqdorida xorijiy valyuta xarid qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,17 mlrd dollarga yoki 70%ga ko‘p hisoblanadi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» pul o‘tkazmalarining keskin oshishi Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan qirg‘iz va tojik muhojirlari tahminan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini jo‘natayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida yogandi. Ehtimol, bu qo‘shni mamlakatlarda dollarlardagi pul o‘tkazmalarining cheklanishi, shuningdek rubldagi yanada qulay kurs farqi bilan bog‘liq.

Buxoroda bo‘lib o‘tgan Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumi doirasida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov «Gazeta.uz»ga Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham O‘zbekistonga pul jo‘natmalarini yuborganini tasdiqlagandi.

«Bizning bank tizimimiz dollarda valyutani jo‘natish bilan bog‘liq taqiqlarga qaramasdan transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimini yo‘lga qo‘ya oldi. Qo‘pol qilib aytganda, pul o‘tkazmalarini rublda oldik. Bu muhojirlarimizga katta yengillik bo‘ldi — ular rubllarni O‘zbekistonga o‘tkazib, bu yerda so‘mga almashtirishlari mumkin bo‘ldi. Meni bilishimcha bunaqa holat Tojikistonda ham, Qirg‘izistonda ham bo‘lmagan. Balki hozir paydo bo‘lgandir, biroq avval yo‘q edi. Shuning uchun siz haqsiz, ko‘plab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari pullarini bu yerga [O‘zbekistonga] o‘tkazishdi», — dedi u.

Mehnat vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari buni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovarlarni qayta sotish bo‘yicha amaliyotlar oshgani bilan ham bog‘ladi.

«Pul o‘tkazmalariga kichik va o‘rta biznesning „chelnok“ savdosi ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Tadbirkorlar Rossiyaga eksport qilish uchun tovarlarni olib kiradi. Mavsum allaqachon boshlandi deyish mumkin… Nimaga bu sodir bo‘ladi? Rossiyada valyuta cheklovlari o‘rnatilgach odamlar muqarrar [tovarlarni] olib o‘tish uchun variantlarni qidira boshladi», — dedi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, «bu judayam atipik ko‘rsatkich» va O‘zbekistondan parallel import uchun tranzit mamlakat sifatida foydalanilayotgani borasida dastlabki xulosalarni qilsa bo‘lardi.

Chunki, O‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni 1 yil ichida 2,7 barobarga oshishi yoki ularning mehnat unumdorligi karrasiga oshib qolishi mumkin emas.

«Regulyator O‘zbekistondan chetga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi haqida ma’lumot e’lon qilmagan. Agar bu miqdor ham yuqori darajada oshgan bo‘lsa, importning ham yuqori sur’atda oshayotgani inobatga olinsa, O‘zbekistondan parallel import uchun tranzit mamlakat sifatida foydalanilayotgani borasida dastlabki xulosalarni qilsa bo‘lardi.», — deb hisoblaydi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kunidan kuchga kirgan rasmiy valyuta kurslariga ko‘ra, 1 AQSh dollari 11 021,19 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, Hisob palatasi 2022 yil uchun 1 AQSh dollarining yillik o‘rtacha almashuv kursini 11 321 so‘m miqdorida bo‘lishini prognoz qilgandi.