Farg‘ona viloyatida 10 iyun kuni kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yog‘ingarchilik aks etgan turli videolar tarqaldi.

Ulardan birida kuchli shamol ko‘p qavatli binolarning tom qismini uchirib ketgani aks etgan. Tasvirlardan tomdan ko‘chib tushgan jismlar tashqarida turgan mashinalar ustiga tushganini ko‘rish mumkin.



Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati kuchli shamol oqibatlari bartaraf etilayotganini ma’lum qildi.

«10 iyun kuni soat 16:25 da Farg‘ona shahrida qisqa muddatli kuchli shamol kuzatilib, natijada Al-Farg‘oniy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning tom qoplamasini yerga uchirib tushgan. Voqea joyiga shahar FV bo‘limi xodimlari yetib borgan. Hozirda tegishli xizmatlarning kuch-vositalari jalb etilgan xolda vaziyat oqibatlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Shuningdek, hodisa oqibatida hech kim tan jaroxati olmagani aytilgan. Bundan tashqari, viloyatning boshqa hududlarida shiddatli yomg‘ir va do‘l yog‘gani aks etgan videolar tarqalmoqda.



Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 10 iyun kuni faqat respublikaning shimolida, kunning ikkinchi yarmida Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi.