«Kitob — qo‘shningning uyidagi o‘qlangan miltiqdir. Uni yoqish kerak! Miltiqning o‘qini chiqarmoq kerak! Insonning ongini jilovlamoq kerak».

Taniqli amerikalik yozuvchi Rey Bredberi ijodi, ayni paytda, XX asr adabiyotining durdonalaridan biri hisoblangan «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja» asari antiutopiya va ilmiy-fantastika janrlarida yozilgan bo‘lib, ilk marta 1953 yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan. Asarda ko‘tarilgan g‘oyalar, xususan, insoniyatning ma’naviy va madaniy taraqqiyotida adabiyotning o‘rni, senzura va ko‘r-ko‘rona itoatkorlik hukm surgan jamiyatning muqarrar tanazzuli, tanqidiy fikrlashning zarurati, oradan qariyb 70 yil vaqt o‘tganligiga qaramay, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Asarda XXI asr tipik odamining standartlashgan turish-turmushi, tushovlangan tafakkuri, ruhiyatidagi to‘lqinlar va pinhon ziddiyatlar qalamga olingan. «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja» — bu, muallif ta’biri bilan aytganda, kitob qog‘ozi o‘z-o‘zidan o‘t olib, kulga aylanadigan harorat. Muallif bir inson hayotida qisqa vaqt ichida sodir bo‘lgan tub burilishlar bayoni orqali insoniyatning bitmas ehtiyojlari yo‘lida yoqib yuborilgan tafakkur, qalblar va taqdirlarga ishora qiladi. Eng asosiysi, syujet o‘quvchini og‘ir ruhiy holat va bosim ostida ushlab tursa-da, muallif asarni o‘lmas umid bilan tugallagan.

Bosh qahramon — Gay Monteg — oddiygina o‘t o‘chiruvchi, lekin uning zamonasidagi o‘t o‘chiruvchining vazifasi biz bilgandan farq qiladi — u kitoblarni yoqadi. Lekin miyasiga «joylangan dastur»ga tanaffus berib, unda qisqa muddatli chaqnashlarga sabab bo‘lgan ikki inson Montegning «o‘t o‘chiruvchilik» hayotini butunlay «izdan chiqarib», butunlay boshqa o‘zanga burib yuboradi.

«Siz baxtlimisiz?»

Ulardan biri Klarissa Maklellan — Montegning «menini ikkiga bo‘lib yuborgan» o‘smir qizcha. Klarissa Montegning baxt niqobini yulqib olib, unga oyna tutadi — Monteg kim? U baxtlimi? Monteg na er, na ota, na do‘st, na odam! U faqat o‘t o‘chiruvchi! Baxtsiz o‘t o‘chiruvchi! Tamom!

Klarissa unga o‘ylash, sevish, yashash kerakligini eslatadi.

«Bizga nima yetishmaydi?»

Ikkinchi qahramon — zulmatda yo‘lini yo‘qotgan Montegning yo‘liga chiroq tutgan Faber. U Montegning tafakkurini uyg‘otadi. Har ikkisi bir vaqtda bir-birining xaloskori. Faber ayni paytda insonlarga uchta narsa yetishmasligini ta’kidlaydi:

1. Sifatli BILIM.

2. Bo‘sh VAQT.

3. Yuqoridagi ikkita narsaning o‘zaro aloqasidan kelib chiqib harakat qilish HUQUQi.

Bilim — tafakkur xazinalariga o‘t ochilgan jamiyatda o‘rgatilganidan ortig‘ini bilishning imkoni bormi?! Vaqt-chi?! Yo‘q. Odamlar faqat «baxt» izlash bilan band. Shu darajada bandki, hatto o‘zlari izlayotgan o‘sha «baxt»ning mohiyati, shakl-shamoyili xususida tafakkur qilib ko‘rishga ham vaqtlari yo‘q! O‘ylashga vaqti bo‘lmagan odamlarning, o‘z-o‘zidan, o‘ylab harakat qilish huquqiga ham ehtiyojlari bo‘lmaydi.

«Uning qalbini tozalashga… topshirishning iloji bo‘lsaydi»

Montegning rafiqasi Mildred obrazi — XXI asr uy bekalarining tipik vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Mildred — o‘zi sezmagan holda YOLG‘IZ. Shu sabab faqat ekran ortidagi uning borligidan ham bexabar «qarindoshlari» davrasiga oshiqadi. Shu bilan o‘zini band qiladi. Ularning «tashvishi» bilan yashaydi — shaxsiy hayoti, oilasi, o‘zi haqida O‘YLASHga esa vaqt yo‘q. Aynan shuning uchun ham u BAXTLI.

«Dunyoning eng og‘ir dardi — tafakkur», Remark.

Shu o‘rinda, Mildredning dugonasi — farzandlari bilan bir oyda uch kungina ko‘rishib, shunda ham ularni — «kirlarni kir mashinasiga tiqib, qopqog‘ini yopib qo‘ygandek» — bir xonaga qamab qutulish payida bo‘ladigan ayol obrazi ota-ona va farzand munosabatlarining jar yoqasiga qay darajada yaqin kelib qolganligini ko‘rsatadi.

«Jindak aqli bo‘lgan odam katta ahmoqdir»

Bitti — asarda mening eng ko‘p e’tiborimni tortgan obraz. Jamiyatda inson qiyofasining, tafakkurning tanazzulga yuz tutishi sabablari aynan Bitti tilidan ochib berilgan.

Baxt izlagan olomon. Baxt izlab uzzukun tentiraymiz, mol-dunyo yig‘amiz, bir-birimizni azoblaymiz, ertani kutamiz. Umid ko‘zlarimizni o‘zi mavhum, kelishi gumon bo‘lgan baxtning yo‘liga qadab, ixtiyorimizdagi shu lahza — qo‘limizdagi naqd turgan BAXTIMIZni ko‘zdan qochiramiz, u yonimizdan sirg‘alib o‘tib ketaveradi.

Bittining Monteg bilan suhbati jarayonida qanchalik yuqori intellekt sohibi ekanligini ilg‘ash qiyin emas. Lekin u o‘t o‘chiruvchi! Nachora, axir intellektual degan tushuncha haqoratga aylangan bir paytda, uning bu intellektining kimga keragi bor?! Men Bitti obrazi ruhiyatida alamzadalikni, cheksiz g‘am-anduh va pushaymonlikni his qildim. Bitti timsolida favqulodda qobiliyatli bo‘lganligi, barchaga xos tafakkur va tasavvur chegaralarini yorib o‘tganligi uchun atrofdagilarning nafrati, tepkilashlari va qiynoqlariga duchor bo‘lgan murg‘ak bolakayni ko‘rdim.

Bittiga achindim. «Bitti o‘lishni xohlagan edi!» Miyamda faqat, ehtimol Bitti kitoblarni benihoya sevgandir, ularga yaqin bo‘lish maqsadida shu kasbni tanlagandir, kitoblarni yoqish barobarida o‘zi ham har gal shu olovda qovrilgandir degan fikr.

Darbadar «kitob javonlari»

Esdan chiqarilgan intellektlar. Ularda Faber tilga olgan, odamlarga yetishmaydigan narsalarning dastlabki ikkitasi bor — sifatli bilim va bo‘sh vaqt. Biroq ularda shu bilimni yuzaga chiqarish, amalda qo‘llash, yoyish huquqi yo‘q. Shunday bo‘lsa ham ular mamnun, xotirjam — chunki ular bilimdan ortiq boylik yo‘q ekanligini yaxshi anglaydilar. Monteg ham buni tushunib yetgan kuni ularning safidan joy oldi. U bor-budini yo‘qotdi, biroq tafakkurini, qalbini, inson sifatidagi qiyofasini topish evaziga!

Umidli yakun — «esi yo‘q Qaqnus»

Yakunda Qaqnus qushi tilga olinadi, o‘zini gulxanda yoqib, kulidan qayta tug‘iladigan Qaqnus. U odamga qiyoslanadi — odam ham qancha xatolar olovida o‘zini kuydiradi. Lekin uning Qaqnusdan farqi shundaki, odam xatosini anglaydi. Odam o‘tmishdagi xatolardan xabar beradigan kitoblarga hamisha ehtiyoj sezadi, bugunning xatolaridan kelgusi avlodni ogoh etadigan tirik kitoblar esa hamisha topiladi.

«Odamlar o‘z qiyofasiga ega emas»

Muallif asar orqali insoniyatni bugungi kunning xatolari yetaklaydigan oqibatlardan, yuz berishi mumkin bo‘lgan tanazzuldan, xatardan, yo‘qotishlardan ogoh qiladi. Insoniyatni odam qiyofasini yo‘qotishdan qaytarishga urinadi.

Asarni o‘qib, beixtiyor o‘ylab qolasan: bugungi kun odamining qiyofasi asar qahramonlariga qanchalik yaqin, qanchalik uzoq?! Ularga qay darajada o‘xshaymiz, qay darajada farqlimiz?!. Afsuski, ularga tobora yaqinlashib, o‘xshab borayotgandekmiz.

Quyida asardan ayrim iqtiboslarni keltirishni joiz deb bildim. Ular sizda ham asar mutolaasiga ishtiyoq uyg‘otsa, kundalik tashvishlar va odatiy o‘y-xayollaringizdan birozgina chalg‘ib, tafakkur qilishga undasa, ajab emas.

Maktablar tadqiqotchilar, tandiqchilar, olimlar, san’at mutaxassislari o‘rniga tobora ko‘proq yuguruvchilar, sakrovchilar, suvoriylar, suzuvchilar, motorlarni kavlashtirishga ishqibozlar, uchuvchilar, avtopoygachilar chiqara boshlaganidan keyin, «intellektual» so‘zi haqoratomuz so‘zga aylandi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Inson har qanday chegaradan chiqishlarni qabul qilavermaydi.

Hamma bir xil bo‘lmog‘i kerak. Konstitutsiyada aytilganidek, tug‘ilgandan ozod va teng bo‘lmasdan, hamma teng bo‘lishi kerak. Odamlar xuddi ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshasin: o‘shanda hamma baxtli bo‘ladi, chunki ulug‘lar ham, ularning yonida o‘zlarining arzimas odam ekanini his qiluvchi o‘zgalar ham bo‘lmaydi.

O‘shanda, agar odamlar faqat shahvoniy o‘pichlar va shafqatsiz olishuvlar haqida o‘qisa, qanchalik yuvoshroq bo‘lishini anglagan hukumatimiz siz olov ishqibozlarini chorlab hammasiga nuqta qo‘ydi.

Agar inson siyosatdan norozi bo‘lmasin desang, masalani ikki tomonini ko‘rishiga yo‘l qo‘yma. Bir tomonini ko‘rsa bas, hech narsa ko‘rmasa undan yaxshi.

Odamlarning miyasini raqamlar bilan to‘ldiring, ko‘ngliga urmaguncha jo‘n faktlardan boshlang, qarabsizki, o‘zlarini juda bilimdon his qila boshlaydilar.

Kafolatlarni talab etmang. Insondanmi, mashinadanmi yoki kutubxonadanmi, najot kutib o‘tirmang. Dunyoni qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan narsani o‘zingiz yarating, bordi-yu, bu yo‘lda cho‘kib ketsangiz ham, jilla bo‘lmasa sohilga qarab suzganingizni anglaysiz.

Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti.