2020 yilning oktabr oyida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Oqqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 46 yoshli R. I. turmush o‘rtog‘ini kaltaklab, o‘ldirish bilan tahdid qilib, unga farzandining najosatini zo‘rlab yedirgan edi. Erkak qizini bu jarayonlarni kamerada tasvirga olish majburlagandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2021 yil 14 dekabr kungi hukmiga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 110-moddasi 1-qismi (qiynash) bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mahkum shu kunga qadar belgilangan jazoning to‘rtdan bir qismini o‘tagan. O‘talmay qolgan jazo muddati 2 yil 2 oy 26 kunni tashkil etadi.

Oliy sud matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mahkum R. I. ushbu jinoyat ishi bo‘yicha jazoni yengillashtirish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritgan.

Qayd etilishicha, R. I. qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Uning jazoni o‘tash davrida koloniya tomonidan ijobiy tavsiflangani, mehnatga vijdonan yondashgani, o‘rnatilgan tartib-qoida, talablarni bajargani inobatga olinib, sud iltimosnomani qanoatlantirish va yengilroq jazo bilan almashtirish haqida qaror qabul qilgan.

Sud ajrimiga ko‘ra, R. I.ning Jinoyat kodeksining 74-moddasiga (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) asosan o‘talmay qolgan jazosi har oylik ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda 2 yil 2 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Unga jazoning o‘talmay qolgan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan taqdirda Jinoyat kodeksining 60-moddasida (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo berilishi mumkin.