Navoiydagi ko‘p qavatli uylar hamda mamlakatdagi barcha OTMlarda quyosh panellarini o‘rnatiladi. Bu haqda juma kungi videoselektor yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deb xabar berdi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda tizimni «Yangi O‘zbekiston» massivlarida qurilayotgan 620 ta ko‘p qavatli uy-joylarda joriy etish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha, Kitob tumani «Yangiobod» massividagi jami 96 ta xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga yiliga 100 ming kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda.

Bu tajribani Navoiyda barpo etiladigan 2 ta «Yangi O‘zbekiston» massivida jami 620 ta xonadonli 26 ta ko‘p qavatli uylar, 8 ta bog‘cha, maktab va poliklinikada joriy qilish rejalashtirilgan.

Ularda quyosh suv isitish tizimlari hisobiga 4 million kilovatt soat elektr iqtisod qilish mumkin. Bu — yiliga 2 milliard so‘m degani.

Viloyat hokimlariga «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida ko‘chalarni yoritish uchun faqat muqobil energiya uskunalari o‘rnatishni nazarda tutish topshirildi.

Bundan tashqari, Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida 100 kVt quvvatli quyosh elektr uskunasi o‘rnatilib, yiliga 200 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. 36 ta suv isitish qurilmasini o‘rnatish hisobiga yiliga 4,2 million kVt soat yoki qariyb 2 milliard so‘mlik elektr energiyasi tejalmoqda.

Oliy ta’lim vazirligiga ushbu tajribani barcha oliygohlarda 2022 yilning o‘zida joriy qilish topshirildi.

Prezident «vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidladi». Vazirlik va idoralarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini kamida 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Moliya vazirligi:

  • davlat idoralarida energiya resurslari iste’moli bo‘yicha normativlarni ishlab chiqadi;
  • yil yakuni bilan xarajatlarni kamaytirmagan rahbarlarga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi;
  • xorijiy konsultantlarni jalb qilib, barcha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarda Energiya tejamkorlik milliy dasturini ishlab chiqadi.