Drift va dreg-reysing uyushtirish uchun Toshkentning Bektemir tumani «Shonazar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yer uchastkasi ajratiladi. Bu haqda Xalq deputatlari shahar kengashining 9 iyundagi qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, ajratiladigan yer uchastkasi aholi yashash joyidan tashqarida joylashishi lozim. Shuningdek, drift va dreg-reysing (tekis trassada 402 metr masofaga o‘tkaziladigan tezlik poygasi) ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga, ularning drift uyushtirish uchun o‘zlari bilan olib kelgan avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishlari uchun sharoit yaratilishiga e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, tomoshabin sifatida kelgan shaxslarga ham qulay shart-sharoit yaratiladi, xavfsizlik choralari ko‘riladi.

Hududga tashrif buyuruvchilarning (xizmat ko‘rsatuvchi, ishtirokchi, tomoshabin va h.k.) shaxsiy avtotransport vositalari uchun avtoturargoh, servis va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda jihozlangan tibbiy yordam ko‘rsatish stansiyasi uchun mavjud shart-sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Avval Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani tarkibiga kirgan «Shonazar» aholi punkti. Foto: Yandex.Maps.

Yer uchastkasi tender asosida topshiriladi. Mazkur jarayonga davlat va xususiy sherikchilik asosida xorijiy investorlar jalb qilinadi.

Aprel oyi oxirida bu boradagi taklifni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bildirgan, ularga havaskor darajasida qarash kerakligini aytgan edi. Hozir ushbu qoidabuzarlik uchun 5−15 sutkaga qamash jazosi qo‘llaniladi. Hokimning fikricha, «hamma narsaga taqiq qo‘yish shart emas».