Uchta hududda noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan shaxslar ushlandi. Mazkur holatlar Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida aniqlandi.

Toshkentdagi holat Shayxontohur tumani Jarariq ko‘chasida qayd etilgani aytilmoqda. Unda fuqarolar A.I. va N.N. 3600 AQSh dollarini fuqaro Sh. ga 40 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi holat Nаманgaн viloyatida ham kuzatildi. Fuqaro X.Z. 3400 dollarni fuqaro A.ga 37,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro A.R. 3000 dollarni 33,3 mln so‘mga fuqaro O.ga sotgan vaqtida ushlandi, deyiladi xabarda. Jami 3100 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Navbatdagi tadbir Mirishkor tumanida ham o‘tkazildi. Ta’kidlanio‘icha, fuqarolar K.D. va T.M.lar fuqaro M.ga 3300 dollarni 36,9 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yuqoridagi fuqarolarning harakatlari bo‘yicha olib borilgan tezkor kuzatuvlarda ular doimiy ravishda valyuta qimmatliklarini qonunga zid ravishda ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelganliklari ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolardan chet el valyutasini faqat ayirboshlashni faqat bank muassasasi yoki uning shahobchalari orqali amalga oshirishni so‘ragan va bu bilan qalbaki valyuta qimmatliklariga duch kelishning oldini olish mumkinligi eslatib o‘tilgan.