9 iyun kuni prezident tomonidan “Pochta aloqasi to‘g‘risida"gi qonun imzolandi. Unga ko‘ra, qonun bilan qonunchilikka “posilka”, “pochta kuryeri” kabi tushunchalar kiritildi. Bu haqida Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2020 yil 5 oktabr kuni o‘tkazilgan milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida prezident tomonidan pochta sohasidagi eng asosiy vazifa odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish ekanligi ta’kidlanib, jo‘natmalarni qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimini ishga tushirish ekanligi belgilab berilgan edi.

Shu yil 18 yanvarida esa “Pochta aloqasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi marta o‘qilib, qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonda 2021−2023 yillarda pochta aloqasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni hamda ratifikatsiya kilingan 4 xalqaro shartnomalar doirasida pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat kilishi ta’kidlangan.

21 yanvarda navbatdagi qonun loyihasi muhokamasi jarayonida deputatlar qonun tashabbuskori subyekti bilan qonun matnida qo‘llanilgan “kurer” va “posilka” so‘zlari hamda ushbu so‘zlar o‘rnida imkon qadar o‘zbek adabiy tilidagi muqobil so‘zlarini tanlash va qo‘llash masalasi bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashgan edilar.

Muhokama so‘nggida esa bugungi kun so‘zlashuv va ish yuritish uslubida “kurer” so‘zi “pochtalon” so‘ziga nisbatan kengroq qo‘llanilishi va ruscha “Posыlka” so‘zining fonetik tovush o‘zgarish hodisasi natijasida o‘zbek adabiy tilida “posilka” tarzida qabul qilinishi inobatga olinib, so‘zlarni qonun loyihasi matnida qoldirish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Yangi qabul qilingan hujjatda keltirilishicha, pochta xizmatlari pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan pochta, kurerlik xizmatlari hamda boshqa turdagi pochta xizmatlari tarzida shartnoma asosida ko‘rsatiladi.

Qarorga ko‘ra, foydalanuvchilarning manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kurerlik jo‘natmalari hamda ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar, shuningdek, ushbu pochta va kurerlik jo‘natmalarining o‘zi pochta aloqasi sirini tashkil etadi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra:

  • pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplaydi;
  • pochta va kurerlik jo‘natmasi topshirilmaganligi, o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi yoki yo‘qotilganligi, buzilganligi (shikastlanganligi) yoxud o‘tkazilgan pul mablag‘lari to‘lanmaganligi bilan bog‘liq e’tirozlar pochta va kurerlik jo‘natmasi topshirilgan kundan e’tiboran 6 oy ichida taqdim etiladi;
  • pochta xizmatlaridan foydalanuvchilar pochta aloqasi xizmatlarining boshqa foydalanuvchilariga, pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlariga yetkazilgan, jo‘natilishi taqiqlangan predmetlar va moddalarni pochta va kurerlik jo‘natmalariga joylash natijasida yoki ular lozim darajada o‘ralmaganligi natijasida yuzaga kelgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.