Payshanba kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida haydovchilar uchun yagona Imtihon markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Imtihon markazi 10 iyundan ish boshlaydi.

Endilikda haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar viloyatdagi ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limlarida emas, faqat ushbu markazda topshiriladi. Fevral oyida Toshkent shahrida ham Autodriver Study tomonidan tashkil etilgan ana shunday markaz ochilgandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi.

Yangi markazning ochilish marosimida viloyat hokimi v.b. Zoyir Mirzayev, Autodriver Study asoschisi Komil Allamjonov va O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillari ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Komil Allamjonov Toshkentda yagona imtihon markazining ochilganidan keyin haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq korrupsiyaga barham berilganini ta’kidladi. «Faqat bilimi borlargina haydovchilik guvohnomasini olayapti va yo‘lga chiqayapti», — dedi u.

Nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishga uringanlar orasida viloyat rahbari Zoyir Mirzayev ham bor. U 80 jarima ball (ruxsat etilgan qiymat 100) to‘plagan bo‘lsa-da testdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Foto: t.me/xushnudbek.

«Ancha yildan buyon rulga o‘tirmagandim, adashmasam 1988 yilda imtihon topshirib haydovchilik guvohnomasi olganman. Lekin yo‘l qoidalarini yaxshi bilib, ko‘rsatmalarga amal qilsa, bemalol topshirsa bo‘lar ekan. «Parkovka»da sal qiynaldim, mashina haydab turmaganim shunda bilindi», — dedi Zoyir Mirzayev.

2023 yil oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida poytaxt va viloyatlardagi kabi avtomatlashtirilgan imtihon markazlarini bosqichma-bosqich qurish rejalashtirilgan.