9 iyun kuni Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 142 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Ushbu mablag‘lar mamlakatning turli hududlarida landshaftlar barqarorligini oshirish va o‘rmonlarni qayta tiklashga, shuningdek, O‘zbekistonning transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi loyihani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyiha Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta’minlash dasturining (RESILAND CA+) bir qismidir. Uning maqsadi cho‘llanish va yer degradatsiyasining oldini olish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tayyorligini ko‘tarish orqali landshaftlarning barqarorligini oshirishdan iborat.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) O‘zbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, qaytarish muddati 30 yil, shundan 5 yili imtiyozli davr bo‘lgan moliyalashtirishni taqdim etadi.

Loyiha tadbirlarini amalga oshirishga trast fondlar tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirish ajratiladi: Koreya-Jahon banki hamkorlik fondi (3 million dollar) va Barqaror va chidamli landshaftlar uchun global hamkorlik (8 million dollar).

!O‘zbekiston — o‘rmonlar maydoni kam bo‘lgan mamlakat. Hisoblarga ko‘ra, ular 3,68 million gektarni egallaydi, bu mamlakatdagi barcha yer maydonlarining 8,6 foiziga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 30 yil ichida o‘rmonlar maydoni chorvachilikning nazoratsiz rivojlanishi, turli sohalarda foydalanish uchun yog‘ochga bo‘lgan talabning ortishi va energiya manbalari juda taqchil bo‘lgan qishloq joylarida yoqilg‘i sifatida ishlatilishi, shuningdek, o‘rmon hududlari hisobidan sug‘oriladigan dehqonchilikni kengaytirilishi hisobiga kamaydi. O‘rmonlar degradatsiyasiga sabab bo‘lgan yana bir omil iqlim o‘zgarishi bo‘lib, bu yong‘inlarning ko‘payishiga, zararkunandalar hujumiga va o‘rmonlarda daraxtlar kasalliklarining oshishiga olib keldi", — deyiladi xabarda.

Ma’qullangan loyiha Jahon banki guruhining O‘zbekiston bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturida belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi. Uning doirasida hukumatga inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirishda yordam ko‘rsatiladi.

Dasturning ustuvor yo‘nalishlaridan biri mamlakatning ekologik barqarorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishining iqtisodiyotga va odamlarning turmush tarziga ta’sir ko‘rsatadigan oqibatlariga javob choralarini ko‘rishga tayyor bo‘lishdir.

«Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan yangi loyiha hukumatga 2020 yil oktabr oyida qabul qilingan 2030 yilgacha O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qoidalarini amalga oshirishda yordam beradi, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. — Yerlari degradatsiyaga uchragan hududlarda daraxt ekish tadbirlari orqali loyiha mahalliy landshaftlarning barqarorligini oshirish, oziq-ovqat tizimlari, odamlar va infratuzilmalarning mahsuldorligini ko‘tarish hamda tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish zonalarida ekoturizmni rivojlantirish asosida ish o‘rinlari hamda kichik va o‘rta biznes korxonalarini tashkil etishga yordam beradi»

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi loyihani, jumladan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun javobgardir:

  • O‘zbekistonda o‘rmon plantatsiyalari bo‘yicha birinchi yagona ma’lumotlar bazasini, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining zamonaviy va samarali tashkilotga aylantirish imkonini beradigan axborot-kommunikatsiya platformasini yaratishga ko‘maklashish;
  • Mamlakatning turli mintaqalarida degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash maqsadida hamda daraxtlardan keng foydalangan holda (agro-o‘rmonchilik, o‘rmon daraxtlari plantatsiyalarini, mevali bog‘lar va o‘rmon-dasht tizimlarini rivojlantirish kabi) tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu faoliyat doirasida mahalliy aholining qisqa muddatli bandligini ta’minlash;
  • Tabiiy resurslardan samaraliroq foydalanadigan kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun fermerlarga moliyaviy va o‘quv xizmatlarini ko‘rsatish.

Bundan tashqari, qo‘mita muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon qo‘riqxonalarini yanada samarali boshqarishga, shuningdek, ular negizida barqaror ekoturizmni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Loyiha doirasida ushbu maqsadlar uchun ularning hududlarida zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlar moliyalashtiriladi. Xususan, asosiy infratuzilma, tashrif buyuruvchilar uchun markazlar, turistik va ma’muriy obyektlar, kempinglar, piknik va boshqa dam olish faoliyati uchun maydonchalar, sayyohlar uchun yo‘lak tizimlari va boshqalarni quriladi.

«Bugungi kunda Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi tashkilotning Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik amaliyotidir. U umumiy qiymati qariyb 5,4 milliard AQSh dollari bo‘lgan 29 ta loyihadan iborat», — deyiladi bayonotda.

Ular makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, suv resurslari, irrigatsiya va drenaj tizimlarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti, energetika, transport, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, shahar va qishloq infratuzilmasi, milliy innovatsiya tizimi, soliq ma’muriyatchiligi va statistika organlarini rivojlantirish kabi muhim sohalarda hukumatni qo‘llab-quvvatlamoqda. Hukumat tomonidan Jahon banki moliyaviy ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining fuqarolar salomatligi va mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatishga xizmat qilmoqda.