Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni Surxondaryo viloyatidagi suv omborlarini modernizatsiya qilish va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2017 yilda tashkil etilgan «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda «har bir suv omborining texnik holati o‘rganilib, zarur ta’mirlash tadbirlari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Korxona mutaxassislari to‘g‘onlar, suv olish va drenaj inshootlarini mustahkamlash, nasos agregatlarini tiklash ishlarini olib bormoqda.

O‘tgan yili yana 4 ta suv ombori ushbu jamiyat boshqaruviga o‘tkazildi va ular 6 taga yetdi.

Prezident barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish, gidromexanik uskunalar va o‘lchash vositalarini yangilash, shuningdek, tizimni raqamlashtirish orqali ularning xavfsizligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bu orqali hamma ish jarayoni kompaniyaning situatsion-tahlil markaziga onlayn ulanadi hamda yiliga qo‘shimcha 120 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yillik 22 million kilovatt soat quvvatli 2 ta yangi kichik GES qurilishi rejalashtirilgan.

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va ma’lumotlar bilan ta’minlash topshirildi. Bundan tashqari, xususiy sektorni kichik gidroelektr stansiyalari qurilishiga jalb etish, oliy ma’lumotli va o‘rta bo‘g‘inli kadrlar tayyorlash vazifalari belgilandi.

Yig‘ilishda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Surxondaryo viloyatida aholining atigi 58 foizi markazlashtirilgan ichimlik suvidan foydalana oladi. Viloyatning janubiy tumanlari va ma’muriy markazi Termiz shahrida suvning mineralizatsiyasi darajasi yuqoriligi ta’kidlandi.

Prezident o‘tgan yili To‘palang suv omboridan tarmoq tortish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, ishga kirishildi. Bugungi kunda 47 kilometr quvur tortilib, ichimlik suvi Sariosiyo markazigacha olib borildi. Yil yakunigacha suv quvurini Denov va Sho‘rchi tumanlariga yetkazish rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, bir kecha-kunduzda 200 ming kub metr suv tozalash inshooti, qariyb 400 km magistral quvur tortiladi. Natijada hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash 90 foizga yetadi.

Davlat rahbari tuman va mahallalar ichidagi quvurlarni ham tiklash, yangi tarmoqlar qurish va sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.