Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchi temir yo‘l harakati iyun oyi oxirida tiklanadi, deb xabar qildi “Rossiya temir yo‘llari” kompaniyasi.

O‘zbekiston tomonidan tashkil etiladigan xalqaro poyezdlar haftasiga ikki marta harakatlanadi. Chiptalar sotuvi tez orada ochilishi kutilmoqda.

  • 23-iyundan Toshkent — Samara poyezdi (№5/6) harakatlana boshlaydi. U payshanba kunlari Toshkentdan, yakshanba kunlari esa Samaradan yo‘lga chiqadi;
  • 25-iyundan Toshkent — Volgograd poyezdi (№323/324) qatnovi tiklandi. U shanba kuni O‘zbekiston poytaxti, seshanba kuni esa qarama-qarshi yo‘nalishda harakatga tushadi.

Poyezd chiptasini jo‘nashdan kamida 45 kun oldin sotib olish mumkin.

4-iyun kuni Rossiya hukumati O‘zbekiston bilan muntazam temir yo‘l qatnovlarini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shuningdek, o‘zbekistonliklarning Rossiyaga kirishiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanishi e’lon qilindi — 14-iyundan boshlab ulardan PSR testi talab etilmaydi. Rossiya tomoni shu kundan boshlab temir yo‘l yo‘lovchi transporti harakati boshlanishi ham xabar qilingan edi.

Keyinroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu xabarni rad etib, masalani o‘rganish, xususan, harakatlanish jadvali hali yakunlanmaganini ma’lum qildi.