Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni imzolagan qarorga ko‘ra, 1941−1945 yillardagi urush qatnashchilari, fashistik konslagerlarning voyaga yetmagan mahbuslari va Leningrad qamali davrida mehnat qilgan fuqarolar, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyenik tovarlar o‘rniga har oy BHMning 1 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, yangi tartib manzilli ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, fuqarolarning ushbu toifalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etishga yo‘naltirilgan.

Qo‘shimcha to‘lov Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan pensiyalarni va nafaqalarni tayinlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olingan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida BHMning 15 baravari (4 mln 500 ming so‘m) miqdorida to‘lanadi.

Pensiya jamg‘armasi hisobida turgan pensiya va nafaqa oluvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar va kompensatsiyalar Pensiya jamg‘armasi va respublika budjeti mablag‘lari hisobidan, vazirlik va idoralar tomonidan tayinlangan pensiya va nafaqa oluvchilar uchun esa — ularga ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Qaror imtiyozli toifadagi shaxslarga mahalliy budjetlar, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va «Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda moddiy ko‘mak va ijtimoiy yordam ko‘rsatish belgilandi.