Jahon banki 2022 yil uchun O‘zbekiston YAIM o‘sishi prognozini 4,3 foizgacha yaxshiladi. Bu 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan global iqtisodiy istiqbollar bo‘yicha navbatdagi hisobotda qayd etilgan, deb yozmoqda Spot.

Bungacha Jahon banki 2022 yilda iqtisodiy o‘sish 5,5 foizdan 5,6 foizgacha bo‘lgan prognozlarini e’lon qilgandi. Hozirgi baho ularnikidan sezilarli darajada past. Biroq, aprel oyida kutilayotgan iqtisodiyotning 3,6 foizgacha pasayishi fonida, joriy ko‘rsatkichlar yanada optimistik ko‘rinadi.

Jahon banki ekspertlari 2023 yilda O‘zbekiston uchun 5,3 foizlik prognozni taqdim qilmoqda — bu urushgacha bo‘lgan hisob-kitoblardan atigi 0,5 foizga past. 2024 yilda esa prognoz qilingan 5,5 foizga qaytish kutilmoqda.

Jahon banki kutilmalariga muvofiq, O‘zbekiston yaqin ikki yilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori iqtisodiy o‘sishni qayd etadi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston Gruziya (+5,5%) va Vengriyadan (+4,6%) keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

Qozog‘istonda 2022 yil oxiriga kelib yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2 foizga yetishi, kelgusi yilda esa 4 foizga tezlashishi kutilmoqda. Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyoti joriy yilda mos ravishda — 2 va 0,4 foizga pasayadi.

Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan chuqur iqtisodiy aloqalarga ega, deydi ekspertlar. Sanksiyalar, savdo aylanmasi va Rossiyadan pul o‘tkazmalarining qisqarishi fonida ularning iqtisodiyoti 2022 yilda atigi 2,4 foizga (4,3 foiz o‘rniga) va 2023 yilda 4,1 foizga (5 foiz o‘rniga) o‘sadi.

Boshqa tomondan, resurslar narxining oshishi hech bo‘lmaganda cheklangan darajada mavjud vaziyatning salbiy ta’sirini yumshatishga yordam beradi. Biroq, bundan foyda cheklangan bo‘ladi, deb ta’kidlashdi mutaxassislar.

Bundan tashqari, sanksiyalar Rossiyaning mintaqa uchun moliyaviy vositachi sifatidagi imkoniyatlarini cheklaydi. Bu esa, o‘z navbatida, tovar importini qiyinlashtiradi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, investitsion, iqtisodiy va savdo faoliyatini izdan chiqarishi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining ta’sirini kuchaytirishi mumkin. O‘sish o‘tgan yilgi 5,7 foizga nisbatan 2,9 foizgacha sekinlashadi.

Vaziyatdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo makromintaqasi iqtisodiyoti 2022 yilda 2,9 foizga qisqaradi (ilgari 3 foizga o‘sishi kutilgan edi). 2023 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi yana o‘sadi, lekin atigi 1,5 foizga — kutilganidan deyarli ikki baravar kam.

Ukraina eng ko‘p zarar ko‘radi — uning yalpi ichki mahsuloti bu yil 45 foizga pasayadi, lekin keyin sekin o‘sadi. Rossiya iqtisodiyoti ham sanksiyalarning kengayishi va tashqi savdo hajmining qisqarishi fonida retsessiyaga uchraydi (2022 yilda -9 foiz, 2023 yilda -2 foiz).

Boshqa xalqaro moliya institutlari ham jangovar harakatlar boshlanishi bilan O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha o‘z taxminlarini qayta ko‘rib chiqdi. OTB o‘z prognozini 4,5 foizga, YeTTB — 4 foizga, S&P — 3,5 foizga, XVJ — 3,4 foizga, Fitch — 3,1 foizga tushirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga moliya sektorini isloh qilish maqsadlari uchun 15 mln dollar imtiyozli kredit ajratishi haqida yozgan edik.