Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov qamoqqa olingan kuni 24 ta qaror va farmoyish, ertasi kuni esa yana 2 ta hujjat chiqardi. Bu «E-Qaror» tizimi ma’lumotlarida qayd etilgan. Andijon viloyat Adliya boshqarmasi mazkur hujjatlarning qonuniyligini tekshirmoqda.

Adliya vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Bahrom Xaydarov 6 iyun kuni soat 16:50 da jinoyat ishi yuzasidan hibsga olingan. 7 iyun kuni sud unga qamoqda saqlash ehtiyot chorasini qo‘llagan.

6 iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oralig‘i hamda 7 iyun kuni 18:10 va 21:07 oralig‘ida hokimlik devonxonasi mudiri S.Qodirjonov tomonidan hokimga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda «E-Qaror» platformasida 26 ta qaror va farmoyish imzolangan.

Shundan so‘ng Adliya vazirligining ko‘rsatmasiga asosan «UZINFOCOM» MCHJ mutaxassislari tomonidan Andijon shahar hokimi Bahrom Xaydarovning «E-Qaror» elektron tizimidagi shaxsiy kabineti bloklandi.

«Ushbu jarayonda hujjatlarni soxtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi o‘rganib bo‘lmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», — deyiladi Andijon viloyati adliya boshqarmasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, hibsga olingandi.

Qayd etilishicha, 2017 yildan 2019 yil 8 oktabrga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Haydarov (hozirda Andijon shahar hokimi) o‘zining mansab vakolatlaridan foydalanib, boshqa mansabdorlar tomonidan asossiz ravishda oydan oyga ko‘chirilgan 9 mlrd so‘m mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish uchun 14,3 mlrd so‘mlik mablag‘larni shahar xalq ta’limi bo‘limiga noqonuniy ravishda ortiqcha ajratib berganlikda gumonlanmoqda. O‘z navbatida, Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida budjet mablag‘larini qat’iy iqtisod qilmagani natijasida 6,8 mlrd so‘m yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromad solig‘i tegishli jamg‘arma va budjetlarga kirim qilinmagani ta’kidlangan.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi „a“ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 mlrd so‘mlik zararning atigi 11,2 mlrd so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan», — deyiladi Bosh prokuratura taqdimnomasida.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Chorshanba kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov protsessual tartibda ushlangani ortidan Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida hibsga olingan edi.