8 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda shuningdek, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari Olga Algayerova va BMTTD O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana ham qatnashdi.

Delegatsiya rahbari O‘zbekiston yetakchisiga tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. BMT O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan hamda 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasidagi global kun tartibining asosiy vazifalariga to‘liq mos bo‘lgan tub islohotlar dasturini yuksak baholaydi, deyiladi xabarda.


«BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, O‘zbekistonning Afg‘onistonda bardavom tinchlikni ta’minlashga hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga, shu jumladan yirik transport va energetika loyihalarini ilgari surish orqali ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekistonning BMT institut va tuzilmalari bilan keng ko‘lamli hamkorligini qabul qilingan «yo‘l xarita"lari asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


Chorshanba kuni Amina Muhammad Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, parlamentlararo hamkorlik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirish hamda yana bir qator muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

«Amina Muhammad xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi sifatida faol ish olib borayotganini alohida qayd etib o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, BMT vakilasi shu kuni Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan ham suhbatlashgan.

«Amina Muhammad ajoyib ayol. Uning tarjimai holi — maqsadga erishish yo‘lida qanchalik tirishqoqlik va mehnat qilish zarurligi haqidagi motivatsion filmga tayyor ssenariy», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Qolaversa, muhokamalar davomida tomonlar gender tengligi sohasida hamkorlikni boshlashga kelishib olgani qayd etilgan. «Ushbu sohada xalqaro hamjamiyat tajribasi va qo‘llab-quvvatlashi yordamida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar haqida suhbatlashdik», — dedi Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari.