Yoz mavsumida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun jami 100 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifingda XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish uchun Xalq ta’limi vazirligi huzurida «Yoz-2022» shtabi tashkil etildi. Jami 4683 nafar pedagog kadrlar 205 ta statsionar oromgohlarda bolalar bilan ishlashi uchun maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘qitildi.

«Joriy yilgi yoz mavsumida jami 1131 ta oromgoh (205 ta statsionar va 926 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari) faoliyat ko‘rsatadi. Ularda 297 mingdan nafardan ziyod bolalar dam oldirilishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun jami 100 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi», — dedi Laylo Rustamova.

8 iyun holatiga 533 ta ta’lim muassasasida sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilgani va ularda 47 840 nafar bola dam olayotgani qo‘shimcha qilindi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, sog‘lomlashtirish maydonchalarda o‘quvchilarning yozgi ta’tilini maroqli tashkil etish uchun:

  • 5278 nafar mehnat ta’tilida bo‘lmagan pedagog va xodimlar jalb qilingan. Ularda turli rivojlantiruvchi kompyuter o‘yinlari, tasviriy san’at, mental arifmetika kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi;
  • kinozallar tashkil etilib, bolalarga mo‘ljallangan eng qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etilmoqda;
  • 5 ta muhim tashabbus doirasida ko‘rik-tanlov, festival va tadbirlar o‘tkazilmoqda;
  • bolalar uchun sun’iy suzish havzalari ham tashkil etilgan.

Bundan tashqari yoz mavsumida 5 ta muhum tashabbus doirasida 20 dan ortiq ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 1,2 mln nafardan ortiq o‘quvchilar jalb etiladi.

Bolalarning intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishi uchun Respublika «Bolalar kutubxonasi» tomonidan 10 dan ortiq festival va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Oromgohlarga 123 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib berilgan va kitob.uz platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratildi, deya qo‘shimcha qildi Laylo Rustamova.

Shuningdek, O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan «5 tashabbus — sport bilan» shiori ostida stritbol, kurash hamda «Quvnoq startlar» sport musobaqalari tashkil etiladi. 217 ta «Barkamol avlod» bolalar maktablari va 13 ta «Bolalar kutubxonalari»ning faoliyati alohida reja asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Jumladan «Barkamol avlod» bolalar maktablarida maktabdan tashqari qo‘shimcha ta’lim berish jarayonini tashkil etish uchun 7 yo‘nalishda 65 nomdagi to‘garaklar faoliyat olib boradi. Ularda Hunarmandchilik va qo‘l mehnati yo‘nalishi, Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishi, Madaniyat va san’at yo‘nalishi, Texnika, konstruktorlik va modellashtirish, Turizm va ekologiya yo‘nalishi hamda Xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha qator o‘quv dasturlari ishlab chiqilgani aytilmoqda.

Bundan tashqari bolalarni yoz mavsumida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida joriy yilning iyun-avgust oylari davomida «Barkamol avlod» bolalar maktablarida «Ta’til __ BARKAMOL bilan» shiori ostida ko‘rik-tanlov va musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Hozirda xalq ta’limi tizimida 217 ta «Barkamol avlod» bolalar maktablari bor, ulardagi mavjud 9033 ta to‘garaklarga 260 ming nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar qatnashgan.