9 iyun kuni «Toshkent» aeroportida havo kemasining qo‘nishi paytida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Afsonaga ko‘ra, qo‘nish jarayonida samolyotning old shassisi ishdan chiqadi va natijada yong‘in boshlanadi. Samolyot bortida 75 yo‘lovchi, ekipaj a’zolari va 10 kg xavfli yuk bor. Aeroport dispetcheri uchuvchidan shassining nosozligi haqidagi signalini olgach, barcha xizmatlarni xabardor qiladi. Aeroport va Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati xodimlari zudlik bilan uchish-qo‘nish maydoniga yetib borishadi.

«Uyushtirilgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishga aeroportning 13 ta xizmati — 117 xodim, 47 ta texnika va Tu-154 o‘quv samolyoti jalb etildi. Shifokorlar va qutqaruvchilar yaradorlarni evakuatsiya qilishdi, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdi, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishdi, radiatsiya va kimyoviy himoya bo‘limi xavfli yuklarni tushirishdi. Aeroport xodimlari esa shartli yo‘lovchilar. Har bir kishiga o‘z „roli“ va favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun ma’lum vaqt ajratilgan. Hamma narsa imkon qadar ishonarli ko‘rinishi kerak», — deyiladi Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabarida.

Mashg‘ulotlar aviahalokat sodir bo‘lgan taqdirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent aeroporti bo‘linmalarining idoralararo o‘zaro hamkorligini amaliy sinovdan o‘tkazish, shuningdek, aeroportdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda kadrlar tayyorgarligini oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Foto