Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani va Chirchiq shahrida ikki kishi poyezd urib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda «Milliy» telekanalining informatsion dasturida ma’um qilindi.

O‘rtachirchiq tumanidagi voqea «Taraqqiyot» MFY hududida taxminan ertalabki soat 6:20 ro‘y bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, marhum ertalab dalaga ishlash uchun ketayotgan bo‘lgan. 25 yoshli fuqaroning eshitish va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan, u temir yo‘lni kesib o‘tayotganida poyezd urib yuborgan.

IIV TXTBB huquqbuzarliklar profilaktikasi katta inspektori Mashrab Razzoqovning ta’kidlashicha, poyezd «Termiz-Andijon» yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi bo‘lgan.

Shifokor Kan Liliyaning ma’lum qilishicha, vafot etgan shaxs ko‘z va quloqning tug‘ma patologiyasi tashxisi bilan ro‘yxatda turgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi holatda 20 yoshli fuqaro vafot etdi.

Voqea «Miralisher» MFY hududida soat taxminan 9:30 larda sodir bo‘lgan. Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘smir temryo‘ldan velosiped yordamida o‘tmoqchi bo‘lganida elektrovoz urib yuborgan. Buning oqibatida o‘smir salkam 15−20 metr masofaga uchib ketgan.

Toshkent viloyati Chirchiq temir yo‘l bekatida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasining profilaktika inspektori Jonibek Namozovning ma’lum qilishicha, 2002 yilda to‘g‘ilgan o‘smir yigit velosipedni boshqarayotgan paytida qo‘l telefonidan foydalangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida ham O‘rtachirchiq tumanida «To‘ytepa-Ozodlik» yo‘nalishida harakatlayotgan yuk poyezdi 26 yoshli fuqaroni urib ketishi natijasida u voqea joyida vafot etgan edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u quloqchin taqib, mol boqayotgan bo‘lgan.