Tele va radio dasturlarni qayta uzatish xizmatlari bozoridagi raqobat qonunchiligi talablarini buzgan monopol «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi»ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

️"O‘zbekiston Kabel Televideniyesi" MCHJ ko‘rsatgan xizmatlar narxlari Respublikada IP-televideniye faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi holatni o‘rganib chiqdi.

«O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» korxonasi xorijiy telekanallarning teledasturlar paketini shakllantirish hamda ularni O‘zbekistonda kabel va IP-televideniye faoliyatida ishlovchilarga tarqatish xizmati bo‘yicha tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilgan.

Maxsus komissiya tomonidan murojaatda qayd etilgan holatlar o‘rganib chiqilib, bozorda ustun mavqega ega korxona — «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi»ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

«Jamiyat tomonidan adolatsiz narx qo‘llanilganligi va raqobat qonunchiligi talablari buzilganligi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha qaror va ko‘rsatma berildi. Natijada narxlarni sun’iy oshirish holatiga chek qo‘yildi va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilindi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘zg‘atilgan ish yakuni bo‘yicha, maxsus komissiya tomonidan «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MCHJga xizmatlar narxlarini tartibga solish organida tasdiqlash (deklaratsiya qilish) hamda kelgusida ishlarni qonunchilik talablari doirasida davom ettirish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi.