Hukumatning 7 iyun kuni [304-sonli] qarori bilan qimmatli qog‘ozlar bilan shug‘ullanuvchilarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Reglamentga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka sertifikati DXM va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi. Davlat xizmati sertifikatni berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi. ️Sertifikat talabgorlarga 5 yil amal qilish muddati bilan beriladi. Uning muddati tugagasa 30 kundan kechiktirmasdan majburiy attestatsiyadan o‘tish kerak.

Sertifikat olish uchun BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Agar YAIDXP orqali olinsa, bu miqdor 270 ming so‘m bo‘ladi.

Reglament talablari qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilarida, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, fond birjalari va valyuta birjalarining fond bo‘limlarida ishlashga talabgor bo‘lgan yoki ishlayotgan hamda oliy ma’lumotga ega jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Quyidagi shaxslar qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malakasi sertifikatini olish uchun attestatsiyadan o‘tishlari shart:

  • qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ijro organi rahbarlari, markaziy depozitariy va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbarlari, fond birjalarning ijro organi va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbarlari va valyuta birjalarining fond bo‘limi rahbarlari;
  • qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi, xizmatlar ko‘rsatuvchi va (yoki) qimmatli qog‘ozlar bozorida ishlarni bajaruvchi qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining, markaziy depozitariyning qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi bo‘limlarining, fond birjasining va valyuta birjalari fond bo‘limlarining mutaxassislari.