Shavkat Mirziyoyevning 6 iyundagi [PQ-271-son] qarori bilan maxsus iqtisodiy zonalarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — gaz, elektr energiyasi, suv va kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Avvalroq davlat rahbari sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, ularning 37 foizida elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya yo‘qligini tanqid qilgandi.

27 may kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sanoat sohasi rahbarlari kichik sanoat zonalarining bosh rejalari ishlab chiqilmagani, loyihalarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, to‘qimachilik va charm mahsulotlari ishlab chiqarishni joriy eta olmayotgani kabi kamchiliklar muhokama qilindi. Oqava suvlarni tozalash inshootlarining yo‘qligi, sanoat zonalarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini elektr energiyasi, gaz, kanalizatsiya va yo‘llarning yo‘qligi, yer va binolarga egalik qilish masalalari hal etilmagani qayd etildi.

Yig‘ilishda shuningdek, sanoat zonalarida 6600 gektarlik bo‘sh yer maydoni elektr energiyasi, suv, yo‘l va boshqa shart-sharoitlar bilan ta’minlanishi, buning uchun 1,5 trillion so‘m sarflanishi ta’kidlangandi.

6 iyundagi qaror bilan 2022 yilda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini erkin iqtisodiy zonalari (EIZ), kichik sanoat zonalari (KSZ), yoshlar sanoat va ishbilarmonlik zonalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokida ulashning umumlashtirilgan parametrlari tasdiqlandi.

Shuningdek, joriy yilda hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 363,29 gektar maydonda 104 ta yangi KSZ tashkil etish rejalashtirilgan. 2023 yilda va undan keyin yana 100 ta kichik sanoat zonalarini qurish rejalashtirilgan.

KSZ bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish mahalliy budjet va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish hududiy jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladi. obyektlarni moliyalashtirish yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan texnik shartlar asosida KSZ uchun bosh rejalar ishlab chiqilgandan so‘ng amalga oshiriladi.