2 iyun kuni tushdan keyin Xorazm viloyatining Urganch shahridagi gavjum ko‘cha chetida turgan Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi vahshiylarcha o‘ldirib ketildi. Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa aks etgan videoyozuv paydo bo‘ldi.

Videoda bir necha kishi, jumladan kamida bitta boshlang‘ich sinf o‘quvchisi mashina tomon yugurayotganini ko‘rish mumkin. Shundan keyin bir kishi haydovchi o‘tirgan avtomobil saloniga egilib, unga pichoq bilan bir necha marta zarba bergani aks etgan. Yana bir yigit yugurib kelib, mashinaning ochiq oynasidan ayrim harakatlarni amalga oshirgan (videodan u nima qilganini aniqlash qiyin). Keyin yigitlar qochib ketishdi.

Shuningdek, kadrlardan odamlar sarosimaga tushgani va bir ayol hushidan ketib, kishilar yordami bilan o‘ziga keltirilganini ko‘rish mumkin. Keyin esa to‘planganlar avtomobil tomon yugurishadi.

Video ostida qoldirilgan izohda qotillik sakkiz kishi tomonidan sodir etilgani aytilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov chorshanba kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olinganini ma’lum qildi. Qolgan 7 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan ayb e’lon qilinib, 1 nafari qamoqqa olingani va 6 nafari tilxat asosida qo‘yib yuborilgan.