FIFA hamda UEFA bilan hamkorlikda futbol bilan bog‘liq ilmiy raqamlarni o‘rganuvchi Shveysariyaning Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES Football Observatory) yozgi transfer bozori arafasida dunyoning 100 nafar eng qimmat futbolchilari narxi va reytingini e’lon qildi.

CIES ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatda eng qimmat futbolchi sifatida may oyida PSJ bilan o‘z shartnomasini yangilagan Kilian Mbappe qayd etildi. Uning transfer bozoridagi narxi €205,6 mln etib belgilangan.

Top-10 talikdan, shuningdek, «Manchester Siti» va «Barselona»ning uchtadan, «Real Madrid», «Borussiya Dortmund» va «Liverpul»dan 1 nafardan futbolchi joy olgan.

  • Kilian Mbappe — PSJ, transfer bahosi €205,6 mln;
  • Vinisius Junior — «Real Madrid», transfer bahosi €185,3 mln;
  • Erling Xaaland — «Manchester Siti», transfer bahosi €152,6 mln;
  • Pedri Gonsales — «Barselona», transfer bahosi €135,1 mln;
  • Jud Bellingem — «Borussiya Dortmund», transfer bahosi €133,7 mln;
  • Fil Foden — «Manchester Siti», transfer bahosi €124 mln;
  • Frenki de Yong — «Barselona», transfer bahosi €112,5 mln;
  • Luis Dias — «Liverpul», transfer bahosi €110 mln;
  • Ruben Dias — «Manchester Siti», transfer bahosi €109,6 mln
  • Ferran Torres — «Barselona», transfer bahosi €109,5 mln.

Xalqaro sport tadqiqotlari markazi portugaliyalik Ruben Diasni markaziy himoyachilar ichida, Trent Aleksander-Arnoldni esa (€87 mln) qanot himoyachilari orasida eng qimmati deb topgan.

Darvozabonlar reytingida Janluiji Donnarumma (€74 mln), yarim himoyachilar bo‘yicha Pedri Gonsales (€135 mln) eng yuqori narxlangani bo‘ldi.

«Kuchli beshlik» chempionatlarida o‘ynamaydigan futbolchilar orasida eng qimmati 47-o‘rin bilan «Benfika» hujumchisi Darvin Nunes (€70 mln) bo‘ldi. Top-100likdagi eng keksa futbolchi 30 yoshli Kevin de Bryuyne (76-o‘rin, €57 mln yevro), 17 yoshli Pablo Gavi (73-o‘rin, €58 mln) eng yosh qimmat o‘yinchi deb topildi.

«Kuchli beshlik» chempionatlari ichida Angliya Premer-ligasi klublari qimmat futbolchilar ko‘pligi bilan reytingda yetakchilik qilmoqda — top-100 talikdagi 41 futbolchi APLdan.

Qayd etilishicha, CIES Football Observatory futbolchilarning narxini belgilashda eng avvalo uning yoshi, keyin klub va terma jamoasidagi mavqei, jamoalarining ko‘rsatayotgan natijalari hamda o‘ynaydigan ligasining mavqei va u harakat qiladigan liga vakillarining xalqaro musobaqalardagi ishtiroki; o‘yinchining klub bilan imzolagan shartnomasi, tovon puli hamda klub va terma jamoadagi foydali harakatlari (daqiqa, gol, assist, dribling va uzatma) e’tiborga oladi. Tashkilotning qayd etishicha, belgilangan narxlar inflyatsiya hisobiga 5%gacha bozor qiymatidan farqlanishi yoki transferni amalga oshirish jarayonida klublar o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq, Forbs nashri eng qimmat klublar reytingini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, «Real Madrid» dunyodagi eng qimmat futbol klubi deb topilgan. Jamoaning qiymati $5,1 mlrdga baholangan. Shuningdek, uchlikdan — «Barselona» ($5 mlrd) va «Manchester Yunayted» ($4,6 mlrd) joy olgan edi.