Buxoro viloyatida bir qancha shaxslar Qozog‘istonda o‘quvchi talabaning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirtirib berishga uringanlikda gumonlanmoqda. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar N. va F. Buxoro Davlat tibbiyot instituti dekan o‘rinbosari R.R. bilan fuqaro M.ning Qozog‘istondagi tibbiyot oliygohida o‘qiydigan o‘g‘li R.ning o‘qishini Buxoro Davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa 12 ming AQSh dollarini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganliklari aniqlangan.

Tekshiruv davomida R.R. va F.lar fuqaro M.dan olgan 12 ming AQSh dollari evaziga F.ning boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtomashinani Buxoro shahridagi «Shayx» restorani oldida M.ga topshirgan vaqtida ushlangan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.