8 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani «Oq qamish» OFY hududidan o‘tgan A-380 avtomagistral yo‘lining 555 kmda yo‘lovchi avtobus yonib ketdi, deb xabar berdi FVV.

Avtobus Toshkent shahridan Nukus shahriga qarab yo‘lga chiqqan «Yutong» rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobus salonida 55 nafar yo‘lovchi va 2 nafar haydovchi bo‘lgan.

Soat 03:14 da avtobusda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 03:40 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 04:15 da bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida avtobus to‘liq yonib zararlangan. «Yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lganligi taxmin qilinmoqda», — deyiladi xabarda.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Qayd etilishicha, eng yaqin yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in ro‘y bergan manzilgacha bo‘lgan masofa taxminan 45 kmni tashkil etadi.