Futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogi 3-turi doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Qarshida Eron bilan o‘ynadi.

O‘zbekistonliklar 1-turda Turkmaniston olimpiyachilarini, 2-turda Qatar U23 jamoasini mag‘lub etib, Osiyo kubogi chorak finaliga yo‘l olgan edi. Shu boisdan Temur Kapadze 3-tur o‘yinida ikkinchi tarkibni maydonga tashladi va asosiy tarkib o‘yinchilariga dam berdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida Eron U23 futbolchilarida bir qator imkoniyatlar bo‘ldi, biroq forslar vaziyatlardan unumli foydalana olishgani yo‘q. O‘zbekistonlik futbolchilar 22-daqiqaga kelib, Otabek Jo‘raqo‘ziyevning goli evaziga oldinga chiqib olishdi — 1:0.

Ikkinchi bo‘limning 62-daqiqasida esa Oriyon Yusufiy hisobni tenglashtirdi — 1:1. Uchrashuv yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.

Natijada O‘zbekiston U23 jamoasi «A» guruhida 7 ochko to‘plab, 1-o‘rin bilan chorakfinalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston jamoasi 11 iyun kuni Iroq futbolchilariga qarshi maydonga tushadi.

Shuningdek, «A» guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan Turkmaniston olimpiyachilari keyingi bosqichda «B» guruhi g‘olibi Avstraliya U23 jamoasi bilan bellashadigan bo‘ldi.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston olimpiya jamoasi guruhdan chiqish vazifasini muddatdan avval bajarganiga qaramasdan Qarshidagi «Markaziy» stadioni muxlislar bilan to‘ldi. Shu kuni arenaga 19 876 nafar tomoshabin yig‘ilib, o‘yingohda so‘nggi dekadagi rekord kuzatildi.

Foto




Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.