7 iyun kuni Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov budjet mablag‘larini talon-toroj qilinishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha gumondorlardan biri tariqasida hibsga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi ma’lum qildi.

Seshanba, 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, hibsga olingandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 28 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Bosh prokuratura Bahrom Haydarovning deputatlik maqomini muddatidan ilgari bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgani haqida yozgandik. Unga ko‘ra, Andijon shahar hokimi hisoblangan Bahrom Haydarovni 2017 yildan 2019 yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, tergovga tortish masalasi ko‘tarilgan.

Qayd etilishicha, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalari va to‘lov topshiriqnomalarini soxtalashtirgan holda to‘lovga taqdim qilib, 48,5 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Xususan, 2017 yildan 2019 yil 8 oktabrga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Haydarov (hozirda Andijon shahar hokimi) o‘zining mansab vakolatlaridan foydalanib, boshqa mansabdorlar tomonidan asossiz ravishda oydan oyga ko‘chirilgan 9 mlrd so‘m mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish uchun 14,3 mlrd so‘mlik mablag‘larni shahar xalq ta’limi bo‘limiga noqonuniy ravishda ortiqcha ajratib berganlikda gumonlanmoqda. O‘z navbatida, Haydarov viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida budjet mablag‘larini qat’iy iqtisod qilmagani natijasida 6,8 mlrd so‘m yagona ijtimoiy to‘lov hamda daromad solig‘i tegishli jamg‘arma va budjetlarga kirim qilinmagani ta’kidlangan.

«Ushbu holat yuzasidan 37 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi „a“ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 32 nafar shaxsga nisbatan qamoq, 2 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i va 3 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan 48,5 mlrd so‘mlik zararning atigi 11,2 mlrd so‘mi, ya’ni 23,1 foizi hozirga qadar undirilgan», — deyiladi Bosh prokuratura taqdimnomasida.

Shuningdek, taqdimnomada Haydarovning harakatlarida Jinoyat kodeksining tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi, ularning oqibatlari bartaraf etilmagani, ya’ni yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 22 fevral kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19,6 ming kv. metr yer maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblanib, hokim bir vaqtning o‘zida deputat bo‘lganligi bois Andijon viloyati prokuraturasi uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Xalq depututlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimining harakatlarida JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi va 229-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, unga nisbatan ehtiyot choralarini qo‘llab turish lozimligi ko‘rsatilgan.