TDPU sobiq dekan o‘rinbosari talabani zo‘rlashga uringanlikda ayblanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘g‘atilgandi. Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur ish bo‘yicha sud yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning oktabrida Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani aytilgandi. Qiz qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng dekan muovini uni derazadan itarib yuboradi va qiz tushib ketgandi. Shu yilning mart oyi oxirlarida prokuratura TDPU kasbiy ta’lim fakultetining sobiq dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan jinoyat ishini sudga yubordi.

7 iyun kuni Yakkasaroy tuman sudi sudyasi T. Kasimov raisligida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi.

Unga ko‘ra, Bog‘abek Yuldashev Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi 1-qismida (Nomusga tegish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topildi. Uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun assolar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilindi.

Shunga qaramasdan, Bog‘abek Yuldashev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topildi. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Tayinlangan jazo manzil-koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.

Shuningdek manfaatdor shaxslarga mulkiy undiruv masalasida fuqarolik sud ish yurituvi tartibida murojaat qilish lozimligi tushuntirildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi, deyiladi xabarda.