Endi o‘qishni ko‘chirishga faqat 2 toifadagi talabalarga ruxsat beriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qonunchilik palatasining 7 iyundagi yalpi majlisida ma’lum qildi.

«O‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq muammolar bor edi. Biz bu yil ruxsat oldik, ko‘chirish masalasi endi ikkita shart bilan bo‘ladi. Faqat turmush qursa va davlat xizmatchisi boshqa ish joyiga o‘tsa vazirning xati bilan [ruxsat beriladi]. Boshqa har qanday holatda akademik mobillikni qo‘llaymiz», — dedi Abduqodir Toshqulov.

U shuningdek, ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarlik sodir etilishiga ham yo‘l ochib bermaslik muhim ekanligini ta’kidladi.

«Har qanday imkoniyat va imtiyoz «firibgarlar»ga imkoniyat qilib berayapti. Masalan o‘tgan yili 60 ming [talaba] o‘qishini ko‘chirishga hujjat topshirgan. Tuproqshunoslikka topshirayapti, maqsadi biologiyada o‘qish. Talaba birinchi kursdan maqsadini belgilab olishi kerak. Undan oldin ota-ona, tashxis markazlari ishlashi kerak», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kabi holatlarga barham beriladi.

«Ko‘chirish o‘rniga akademik mobillik qo‘llaniladi. Ikkita rektor kelishadi, 50−100 ta talabani Qoraqalpog‘istondan Surxondaryo yoki Toshkentga yuboradi, [ular] bir yoki ikki semestr o‘qiydi… Men shu ta’lim tizimida yosh bo‘lsam ham qariyb 25−30 yildan beri aralashib yurgan odam sifatida aytamanki, diplom bir joydan olinishi kerak. Dunyoda shunaqa», — dedi vazir.

Uning aytishicha, joriy yilda 150 ming talaba o‘qishini ko‘chirishi prognoz qilinayapti.

«Bu nima degani? 150 ming bu qariyb bir yillik kvota, ular ko‘chirib o‘tkazishga ariza topshirayapti. Akademik mobillik esa dunyo tajribasi», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Akademik mobillik — bu oliy ta’lim muassasasi talabalarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yoki chet eldagi boshqa bir oliy ta’lim muassasasiga o‘qish maqsadida borishi hisoblanadi.