Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 ta sport maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari negizida esa 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi.

Bu prezidentning 6 iyundagi «Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qayd etilgan.

Sportni rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga 2 oy muddatda sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining namunaviy shtat me’yorlarini tasdiqlaydi. Bunda, sport maktablarining alohida sport inshootlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha shtat birliklari to‘liq ajratiladi.

Maktablarga qabul va tayyorlov tizimi

Sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sport bilan muntazam shug‘ullanish va kelgusida professional sportchi bo‘lish maqsadidagi bolalar va yoshlar qabul qilinadi.

«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar, shuningdek, 4−6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib ularning antropometrik ko‘rsatkichlari asosida dastlab sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash bo‘yicha harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va harakat faolligi tanqisligini to‘ldirish uchun sakkiz oygacha bepul shug‘ullanadi.

Sport-sog‘lomlashtirish guruhida shug‘ullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlaridan o‘tkaziladi, ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhiga qabul qilinadi. Bu guruhda yoshlar bazaviy tayyorgarlikka ega bo‘lish va keyinchalik ixtisoslashish uchun sportning muayyan turini tanlaydi va uch yilgacha shug‘ullanadi.

Boshlang‘ich tayyorgarlik guruhida shug‘ullangan va kamida o‘smirlar uchun uchinchi sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining o‘quv-mashq guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar ixtisoslashuv va sportning tanlangan turi bo‘yicha chuqurlashtirilgan mashqlar asosida besh yilgacha shug‘ullanadi.

O‘quv-mashq guruhida shug‘ullangan va kamida uchinchi yoki ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining sportda kamolotga erishish guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yilgacha muddat davomida sport mahoratini takomillashtirish bilan shug‘ullanadi.

Sportda kamolotga erishish guruhida shug‘ullangan va kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan bolalar sport maktabining oliy sport mahorati guruhiga o‘tkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yil va undan ortiq muddat davomida sportda shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish bilan shug‘ullanadi.

Sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish va boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan o‘tgan, professional sportga salohiyati bor o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yo‘nalishiga (sportning o‘yin turlari va yengil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) o‘qishga qabul qilinadi.

Sportni rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari to‘g‘risidagi nizomning yangi tahririni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

  • aholisi 200 mingdan yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 mingdan 200 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;
  • aholisi 150 minggacha bo‘lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar tayyorlanadi.

Sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno) sport turlari bo‘yicha shakllantiriladi. Bunda har bir sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan 2 ta noolimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashga ruxsat beriladi.

Sport maktablaridagi Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturlariga kiritilmagan (milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari bundan mustasno) noolimpiya sport turlari bo‘yicha mavjud sport seksiyalari faoliyati sport klublari qoshida rivojlantiriladi.

Sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari bo‘yicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga o‘ta olmagan o‘quvchilar uchun olimpiya sport turlari bo‘yicha pullik asosda to‘garaklar tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda sport maktablarida pullik asosda ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan mablag‘larning bir qismi ular trenerlariga qo‘shimcha haq sifatida yo‘naltiriladi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashg‘ulotlar bepul o‘tkaziladi.

Moliyalashtirish va musobaqalar

2023 yildan boshlab har yili qo‘shimcha ravishda respublika budjetidan:

  • sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga — 10 milliard so‘m;
  • sport maktablari uchun zamonaviy o‘quv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga — 2 milliard so‘m;
  • viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shug‘ullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan ta’minlashga — 23 milliard so‘m ajratiladi.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi respublika budjetidan bir oy muddatda tuman (shahar)larning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalaridagi sport tadbirlarini moliyalashtirish uchun 55 milliard so‘m ajratilishini ta’minlaydi va 2023 yildan boshlab har yili ushbu mablag‘larni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joylarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda aholi o‘rtasida sport musobaqalari, sport aksiyalari, havaskorlik chempionatlarini tizimli tashkil etish choralarini ko‘radi.

Hududiy, tuman va shaharlarning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan musobaqalarni o‘tkazish, ushbu musobaqalarda o‘quvchi-sportchilar ishtirokini ta’minlash uchun ushbu tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar mahalliy budjetlari va ularning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘liq moliyalashtirilishini ta’minlaydi.

Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan barcha sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida hududiy terma jamoalar ishtirokini ta’minlaydi.

Har oyda kamida bir marta sport maktablarida va ularning sport inshootlarida hamda jismoniy tarbiya, sport markazlari va klublarida «ochiq eshiklar» kunlarini tashkil etishni an’anaga aylantiradi.

Sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy bo‘linmalari hamda noolimpiya sport turlari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan sport klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi.

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratsin hamda ushbu muassasalarni maxsus sport jihozlari bilan ta’minlaydi.

Sport maktablarini boshqarish va samaradorligini tahlil qilishda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimligi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.