Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari oldiga tegishli idora va tashkilotlar bilan birga servis va xizmat ko‘rsatish obyektlarida yaratilgan doimiy yangi ish o‘rinlarini yarim yil yakuni bilan 300 mingtaga, yil yakuniga qadar esa yana 800 mingtaga yetkazish vazifasini qo‘ydi, deya xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Bu ko‘rsatkichlarni uddalash mumkinligi Buxoro viloyati misolida tushuntirildi. Misol uchun, Buxoro shahridagi tadbirkorlar eski shahardagi mehmonxona, oshxona, savdo do‘konlarining tom qismida restoran va kafeteriylar tashkil etgan.

Davlat rahbari shu kabi shaharning 8 ta markaziy ko‘chasida joylashgan davlat tashkilotlarining 50 ga yaqin binolarining 1-qavatida 100 dan ziyod restoran va kafeteriylar, servis joylarini tashkil etish imkoni mavjudligini ta’kidladi.

Viloyat hokimlariga Buxoro tajribasini 28 ta shahar, barcha tuman markazlari hamda poytaxt tumanlarida joriy qilish topshirildi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga respublika bo‘yicha davlat idoralarining balansidagi, yo‘l bo‘ylarida joylashgan
4 mingga yaqin ma’muriy binolaridan servis sohasida samarali foydalanish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, prezident ko‘chma va yengil konstruksiyali savdo faoliyati uchun talablarni soddalashtirish vazifasini qo‘ydi.

Jumladan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, mahalla, obodonlashtirish va yo‘l tashkilotlariga o‘z yer maydonlarida mavsumiy kafe va savdo nuqtalarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda, ko‘chma savdo obyektlarini ish kuni yakunlangach, ko‘chirish bo‘yicha majburiy talab bekor qilinib, tadbirkorlarga mobil konteynerlar o‘rnatish huquqi beriladi.

2017 yilda bozorlarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy savdo komplekslarini qurish dasturi qabul qilingan edi. Lekin Zangiota, Qibray, Ohangaron, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Chortoq, Xatirchi va Nurotada bozorlardagi ahvol, ularning sanitariyasi va arxitekturasidan odamlar norozi ekani qayd etildi.

Besh yillik tajribadan kelib chiqib, bozorlarni rivojlantirish dasturini, shuningdek, madaniyat va istirohat bog‘larida servisni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.