Prezident «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi [272-sonli] qarorga imzo chekdi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston hamda Qatar davlati hukumatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2021 yil 9 iyunda Toshkent shahrida sobiq TIV rahbari Abdulaziz Kamilov va Qatar davlati bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniy o‘rtasida imzolangan.

Unga ko‘ra, bitim havo qatnovini tashkil etish, aviakorxonalarni tayinlash, ularga parvozlarni amalga oshirish huquqini berish, belgilanadigan manzillarni aniqlash, sertifikat va litsenziyalarni tan olish, ikki davlatda tayinlangan aviakorxonalarning vakolatxonalari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarni nazarda tutadi.

Kelishuvdan shuningdek, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirish maqsadida aviatashkilotlarga doimiy qatnovlarni amalga oshirishni ta’minlovchi va bojxona yig‘imlari, soliq va boshqa to‘lovlardan ozod etuvchi imtiyozlar o‘zaro asosda taqdim etilishi o‘rin olgan.

Hujjat ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ijobiy turtki beradi, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi va o‘zaro manfaatli aviatashuvlar bozorini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Transport vazirligi Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.