Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 10 iyundan boshlab O‘zbekistonga turizm maqsadida tashrif buyuruvchilar uchun o‘rnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilinadi.

«Gazeta.uz»ga Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu tartib mamlakatga aviaqatnovlar, chegaradosh temir yo‘l stansiyalari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlari orqali kelayotgan barcha fuqarolarga taalluqli.

Komissiya qarori bilan fuqarolardan O‘zbekistonga kelishidan oldin manfiy PZR test, ekspress test topshirishi va emlanganlik hujjatiga ega bo‘lishi bo‘yicha talablar bekor qilindi.

Ta’kidlanishicha, komissiya O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallanishning dinamik pasayishi, shuningdek dunyo mamlakatlarida epidemiologik vaziyatni e’tiborga olib, JSSTning tavsiyalari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining takliflarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldi.